Advokatlikdan boshqa sohalarga: nima uchun?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Kasbini o'zgartirayotgan advokatlar - Amerika hayotidan

AQShda ayrim advokatlar kasbini o'zgartirishga tushgan. Uorren Braun, masalan, hozirda esa qandolatchilik bilan shug’ullanadi.

Braun ikki yil advokatlik qilib, o’z ishidan qoniqmaganini aytadi.

“Ishim yaxshi edi. Obro’-e’tibor, mas’uliyat bor edi. Huquqning o’zimga yoqqan sohasida ishlardim. Ammo ish boshlaganimdan uch oy o’tgach, bu kasb meni baxtiyor qilolmasligini tushundim”, - deydi u.

Shunda u azaldan o’zi yaxshi ko’rgan bir ishga qo’l urdi: do’st va hamkasblari qo’llab-quvvatlovi bilan shirinlik pishira boshladi.

“Tort pishirib ishga olib borardim. Mehmonga borsam ham shunday qilardim. Do’stlarim pishiriqlarimni ko’rib, shu sohada biznes boshlashing kerak, tort sotadigan do’kon och, bu pishiriqlarni sot, deyishdi”, - deydi u.

Braun shunday qildi. 2002-yil Vashingtonda “Keyklav” (CakeLove) qandolatxonasini ochdi. Ko’p o’tmay Virjiniyada yana bir do’koni ish boshladi.

Bugun uning qo’lida 15 kishi ishlaydi. Tort va pirojniylari tez shuhrat qozondi.

U pishiriqlar haqida bir necha kitob ham yozgan. Yaqinda esa eng yangi mahsulotini mijozlarga taqdim etdi – banka ichidagi tort.

“Qoshiq bilan yeysiz buni. Bor-yo’g’i shu. Bankadagi jajji tort bu”, - deydi u.

Braun huquqshunoslikni tashlab tadbirkorlikni boshlagan ko’plab huquqshunoslardan biri.

Amerika advokatlar uyushmasiga ko’ra, 2000-yilda advokatlik imtihonidan o’tgan mutaxassislardan qariyb 20 foizi 2012-yilga borib kasbini o’zgartirgan.

Ayni manbaga ko’ra, advokatlarning 45 foizi ishidan qoniqmaydi.

Bundaylar soni esa oshib bormoqda.

Keysi Berman ham sobiq advokat, hozir “Huquqni ortda qoldir” nomli blog yuritadi. U kasbini o’zgartirishga qaror qilgan huquqshunoslarga yangi kasb topishda yordam beradi.

“Ko’pincha, odamlar huquqshunos bo’laman deb, yuridik fakultetlarga o’qishga kiradi. Ammo buni puxta o’ylab ko’rmagan bo’ladi. Oqibatda o’zi yaxshi tushunmagan, o’rganib, surishtirib ko’rmagan sohada ishlay boshlaydi. Ba’zida qobiliyatiga to’g’ri kelmaydi bu kasb”, - deydi Berman.

“AQShda kamida bir million advokat bor. Ularning yarmi yoki, hech bo’lmaganida, 40 foizi kasbidan xursand emas. Boshqa ish qilish ilinjida yuradi”, - deydi u.

Uorren Braun nihoyat o’zi uchun sevimli kasb topganidan xursand.