Bundan bir necha yil oldin iqtisodiy inqiroz paytida millionlab amerikaliklar ishidan ayrilib, qarz tufayli uyini ham bankka topshirishga majbur bo’lgan edi. Bu jarayon katta miqyosda bo’lmasa-da, davom etmoqda.
Xo’sh, uyi uchun to’lay olmayotgan fuqarolar kimdan yordam oladi, kimga murojaat qilsa bo’ladi?
2007-yildan buyon besh million amerikalikning uyini bank tortib olgan.
Marketing bo’yicha mutaxassis Katrina Xolms ham shu ahvolga tushib qoldi. Uy-joyli bo’ldim deganda uni ishdan haydashdi. Ayol nima qilarini bilmay unga ipoteka kreditini bergan bankka murojaat qildi. Odatda bunday hollarda kreditorning javobi tayin.
“Bank menga uyni bo’shatib bergin deyishi mumkin edi. Shundan qo’rqib turgandim. Ammo men kutmagan javobni oldim”, - deydi Xolms.
Unga uy xarid qilish uchun qarz bergan bankning o’zi yordam beradi. Buning uchun alohida firma yollangan. Bu firmaning maslahat-ko’magi bilan Xolms tibbiyot sohasida ish topdi va endi qarzini vaqtida to’layapti.
Biznes nuqtai nazaridan bu bizga ma’qul, deydi bank so’zlovchisi Larri Magnesen.
“Uy kreditor hisobiga o’tishidan hech bir tomon yutmaydi. Bu oilalar uchun fojia. Uyni qaytarib olib, ta’mirlab, yana bozorga qo’yish ancha mablag’ talab qiladi. Shu bois hech bir bank uyni tortib olishni istamaydi. Lekin biz o’ziga xos yechim topdik”.
Rendal Jekson ham ishsiz. Bu degani Chikagodagi uyini tortib olishlari mumkin. Ish topishda bank yordam berishi xayoliga ham kelmagan edi.
“Bank shunday dastur bilan chiqishiga boshida ishongim kelmadi. Lekin unga yozilib, juda to’g’ri ish qilgan ekanman”, - deydi u.
To’rt oylik programma sizga rezyume-ariza to’ldirishni o’rgatadi, mutaxassis bilan yuzma-yuz treningdan o’tasiz. Ish topishda bular muhim ahamiyat kasb etadi, deydi “NextJob” kompaniyasi rahbari Jon Kortni:
“Birinchi eng muhim qadam bu o’ziga bo’lgan ishonchni oshirish. Rezyumeda faqat ishlagan joylarini sanash emas, yutuqlariga urg’u berish kerak. Shunda odam ish bozoriga boshqacha ko’z bilan qaraydi, ishonch bilan suhbatga boradi”.
Krizis davri bilan qiyoslaganda bugun AQShda uyidan ayrilayotganlar kamroq – har oy taxminan 100 ming oila qarzini vaqtida to’lay olmay qiynaladi. Ko’chmas mulk bozoridagi tanazzulga zamin yaratgan aynan moliyaviy institutlar va ularning qarorlari edi, deya tan oladi bank so’zlovchisi Larri Magnesen.
“Iqtisodiy krizisga sababchi bo’lgan tomonlar ko’p. Hammamiz birgalashib muammoni hal qilishga hissa qo’shishimiz kerak”, - deydi u.
Mazkur kichik bir bankning ish bilan ta’minlash dasturi 40 foiz hollarda yaxshi natija bermoqda. Umummamlakat ko’rsatkichlar bilan qiyoslaganda to’rt marta yuqori.