G'arb rasmiylari fikricha, Rossiyaning agressiv harakatlari dunyoni yanada beqarorlashtirishi, hatto bu mamlakatning o'zida qarshilik uyg'otishi mumkin.
Your browser doesn’t support HTML5
Prezident Vladimir Putin ekstremizmga qarshi kurashga kirishganidan asl maqsad, deydi ular, Rossiya qudratini ko'rsatish. Putin, bu rasmiylar nazarida, puxta rejasiz, o'ylamay-netmay ish tutmoqda.
Ismini oshkor etmagan NATO rasmiysining so'zlari bilan aytganda, Rossiya tobora talabchan, uning navbatdagi xatti-harakatlarini bashorat qilish qiyin.
Yaqinda Prezident Putin "Islomiy davlat" guruhiga qarshi kurashda Suriya bilan cheklanib qolmaymiz, deya ishora qildi. Afg'onistondagi ahvolni o'ta qaltis deya ta'rifladi.
AQShning O'zbekiston va Ukrainadagi sobiq elchisi Jon Xerbst deydiki, Putin Afg'onistonga qo'shin yuborishi ehtimoli juda past, biroq uning so'nggi qarorlari nazarga olinsa, bunday ssenariyni butunlay inkor etib bo'lmaydi.
"Putin Rossiya xavfsizlik apparati va o'sha doiraning vakili, lekin tavakkaldan qo'rqmasligi ayon", - deydi Xerbst.
Rossiya Afg'oniston bilan harbiy rishtalarni mustahkamlamoqda, mahalliy armiyani qurol va texnika bilan ta'minlaydi. Ayni paytda Kobulga MI-35 rusumidagi jangovar vertolyotlarni sotish rejada.
O'tgan hafta Kreml Iordaniya bilan harbiy bitim imzoladi. Suriyadagi havo amaliyotlari Ummonda ochilayotgan yangi markazdan boshqariladi.
Shuningdek, Iroq va Misrga milliard dollarga yaqin qurol-aslaha sotish bo'yicha muzokaralar ketmoqda. Rossiya Tojikistondagi harbiy bazasiga ham jangovar vertolyotlar yuboradi. Yaponiya da'vo qilayotgan Kuril orollarida yangi bazalar quriladi.
"Amerika Ovozi" bilan gaplashgan AQSh razvedkasi rasmiylaridan biri bu qarorlarni Sovet davridagi shon-shuhratni qo'msash, deya baholaydi. Uning fikricha, xorijdagi harbiy amaliyotlar Rossiyadagi iqtisodiy muammolardan xalq e'tiborini chalg'itishga ham xizmat qiladi.
Boshqalar fikricha, Vladimir Putin diplomatik izolyatsiyadan qutulishni istaydi, xolos.
"U dunyoning urush-mojaroga botgan nuqtalarini tanlab, G'arbga ikki yo'ldan birini tanlang deya ishora qilayapti: keling sherik bo'lib birga ishlaymiz yoki men bilganimni qilaman", - deya sharhlaydi Nyu-York universiteti professori Mark Galeotti.
Agar Putin tanlagan strategiya shu bo'lsa, deydi suhbatdoshlar, buning xatarli oqibatlari bor. Rossiya 1980-yillarda Afg'onistonda bo'lgani kabi Suriyada ham uzoq yillik mojaroga tortilishi mumkin.
Lekin hozircha Putin xavf-xatarni boshqara olishiga, Rossiyani dunyo sahnasidagi munosib o'rniga qaytara olishiga ishonchi komil ko'rinadi.