Senat AQSh-Rossiya orasidagi yadroviy kelishuvni ko'rib chiqmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Senatining Tashqi aloqalar bo’yicha qo’mitasi Oq Uy va Kreml orasida imzolangan strategik shartnomani ma’qullagan va endi masala ovozga qo’yiladi.

Bu hujjatga prezidentlar Barak Obama va Dmitriy Medvedev aprel oyida Pragada qo’l qo’ygan edi. Bitimga binoan Amerika va Rossiya yadroviy arsenalini qisqartirib, bir-biri bilan bu borada axborot almashib turadi. Har ikki davlat qurollari sonini 1550 donaga tushirishi kerak.

Senat tashqi aloqalar qo’mitasi raisi Jon Kerri va uning demokrat safdoshlari hujjatni maqtasa, respublikachilar qarshilik bildirmoqda. Ular fikricha bitim AQSh xavfsizligini ko’zlamaydi.

“Nega o’zimizni aldayapmiz? Bu xavfsizlik kafolati emas”,- deydi senator Jim Demint. “Rossiya bilan bunday kelishuv natijasida qudratimizni boy beramiz. Bu bitim bizni mudofaa tizimimizni yangilash, uni mustahkamlash imkoniyatidan ayiradi”,- deydi respublikachi qonunchi.

Senator Jon Kerri nazarida esa Rossiyaga hamon dushman sifatida qarab, unga ishonmaslik AQSh manfaatlari uchun xizmat qilmaydi. “Shimoliy Koreya va Eron singari davlatlar bizga tahdid solmoqda, Rossiya emas”, deydi Kerri.

Prezident Obama ham shu fikrda va Senatni hujjatni tezroq ovozga qo’yib, ratifikatsiya qilishga undamoqda.

Respublikachilar bu shartnomani quvvatlaganlar Amerika tinchligi haqida o’ylamayapti deya tanqidga zo’r bermoqda. Demokratlar esa buning aksini aytadi. Bitim yil oxiriga borib ovozga qo’yilishi mumkin.