AQSh Davlat departamenti Rossiyada qabul qilingan yangi qonun yuzasidan "chuqur xavotir" bildirdi. Yangi hujjatga ko’ra, prokurorlarga xorijiy va xalqaro nodavlat tashkilotlari faoliyatini "istalmagan", deb belgilash va ularda ishlaydigan rossiyaliklarga jarima solish yoki hatto qamash huquqi beriladi.
"Biz yangi qonun Rossiyada fuqaroviy jamiyat faoliyatini yanada cheklashidan xavotirdamiz. Bu Rossiya hukumatining mustaqil fikrga qarshi ko’rayotgan navbatdagi chorasi, undan maqsad esa – Rossiya xalqini dunyoning boshqa qismlaridan yanada ajratib qo’yishdir”, - dedi Davlat departamenti so’zlovchisi Mari Harf.
Prezident Vladimir Putin qonunni shanba kuni imzoladi. Unga ko'ra, agar muayyan xorijiy yoki xalqaro nodavlat tashkiloti faoliyati “Rossiya Federatsiyasi konstitutsion tizimiga, mamlakat mudofaa qudrati yoki davlat xavfsizligiga tahdid solsa, u Rossiya Federatsiyasi hududida istalmagan” deb topilishi mumkin.
Bu holda mazkur tashkilotlarning Rossiya hududidagi faoliyati to’xtatiladi, Rossiya tashkilotlariga esa ulardan mablag’ olish man etiladi.
Bunday tashkilotlar bilan hamkorlikni davom ettirgan Rossiya fuqarolariga 10 ming dollargacha jarima solinishi yoki ular olti yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Ikki nufuzli xalqaro inson huquqlari tashkiloti qonunni tanqid qildi.
Bosh qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan “Human Rights Watch” hamda Londondagi Xalqaro Amnistiya o’tgan hafta chiqargan qo’shma bayonotda yangi qonun fuqarolar jamiyati qonini so’rayotgan choralardan biri ekani aytiladi.
“Human Rights Watch” tashkilotining Rossiya dasturi rahbari Tatyana Lokshinaning aytishicha, qonun xorijiy tashkilotlar emas, balki Rossiya ichida faol guruhlarni nishonga oladi.
"U avvalambor Rossiya faollari va Rossiya fuqarolar guruhlariga qarshi qaratilgan. Asosiy maqsad esa ularni xalqaro hamkorlardan judo qilish”, - dedi Lokshina.
Shu yil boshida Prezident Putin G’arb razvedka xizmatlarini nodavlat tashkilotlaridan Rossiya ichidagi vaziyatni beqarorlashtirish uchun foydalanayotganlikda ayblagan edi.
2012-yilda Rossiyada xorijdan mablag’ olayotgan tashkilotlarni “xorijiy agentlar” deb tamg’alash amaliyotini boshlab bergan qonun qabul qilingan edi.