AQSh: Qirg’iz mojarosini xalqaro mexanizmlar orqali hal qilgan ma’qul

AQSh va Rossiya Qirg’izistonga gumanitar yordamni birgalikda yetkazadi. Barak Obama bu haqda Oq Uyda Dmitriy Medvedev bilan muloqotidan so’ng ma’lum qildi. Shohruh Hamro ma’lumot beradi.

Vashingtonda mehmon bo’lgan prezident Dmitriy Medvedevning ta’kidlashicha, Rossiya chuqur krizisni boshdan kechirayotgan Qirg’izistonni “strategik hamkor” deb biladi va hozirgi murakkab sharoitda uni ham moliyaviy, ham gumanitar jihatdan qo’llab-quvvatlashga tayyor.

“Yaqinlashayotgan referendum natijasida salohiyatli hukumat shakllanishiga ishonamiz. Aks holda Qirg’izistonni halokat kutmoqda. Mamlakat bir necha qismlarga bo’linib ketishi mumkin”, - deydi Rossiya rahbari.

Medvedev fikricha buning natijasida hokimiyatga ekstremistik kayfiyatdagi, radikal guruhlar kelishi mumkin.

“Barak Obama bilan bu borada gaplashib oldik. Qirg’izistonda harbiy yo’l bilan tartib o’rnatish haqida gapirganda, ta’kidlab o’tish joiz, muammolarni bu mamlakatning o’zi hal qilishi kerak”, - deydi Medvedev.

“Rossiya Federatsiyasi u yerga tinchlikparvar qo’shin jo’natish niyati yo’q. Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti doirasida bu haqda fikr almashganmiz”.

“Qo’shma Shtatlar Qirg’izistondagi vaziyatni yaqindan kuzatmoqda va mojaro tinch yo’l bilan hal bo’ladi degan umiddamiz”,- deydi Barak Obama.

“AQShning pozitsiyasi shuki”, -deydi prezident Obama, “Qirg’izistonda tinchlik va tartib o’rnatishga qaratilgan har qanday harakat muayyan bir davlat boshchiligida emas, balki xalqaro mexanizmlarni ishga solgan holda olib borilishi kerak”.