AQSh Rossiyani yadroviy bitimga rioya qilmayotganlikda ayblayapti

  • Amerika Ovozi

Chikago universitetining “Atomchi olimlar byulleteni” deb nomlanuvchi jurnali insoniyat o’zini yo’q qilishga yaqin turganini ko’rsatish uchun o’tgan hafta ramziy hisoblangan “Oxirat soati”ni oldiga surib qo’ydi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 2-fevral, 2023-yil

Jurnal ijodkorlari Rossiyaning Ukrainadagi urushi, iqlim o’zgarishi va yadroviy ziddiyatlarni bunga sabab qilib ko’rsatishmoqda.

AQSh Davlat departamentiga ko’ra, Rossiya strategik yadroviy kallakchalar va ularni quruqlik, suv va havo orqali tashuvchi raketa va vositalar sonini cheklashga qaratilgan xalqaro kelishuvga xilof ish tutmoqda, xususan AQSh mutaxassislariga Rossiya yadro inshootlarini nazorat qilishga ruxsat bermayapti.

"Bitim ijrosini tiklash qiyin emas. Buning uchun Rossiya bungacha yillar davomida bo’lganidek o’z hududidagi tekshiruvlarga ruxsat berishi, ikki tomonlama maslahatlashuv komissiyasi majlislarini jonlantirishi kerak. Rossiyalik inspektorlar ham AQShga kelib, o’z tekshiruvlarini o’tkazishiga hech qanday to’siq yo’q”, - deydi Davlat department so’zlovchisi Vedant Patel.

Rossiya AQShni Ukrainaga harbiy yordam berayotganlikda ayblarkan, avgust oyidan beri amerikalik inspektorlarni yadro inshootlariga yo’latmayapti. Rossiya SNV-3, AQSh esa Yangi START deb atovchi shartnoma 2021-yilda 5 yilga uzaytirildi. Kreml undan voz kechmayotganini bildiradi.

“Hozirgi vaziyat qanchalik achinarli bo’lmasin, ba’zi ishoralar saqlanib qolishi kerak. Ushbu bitimning davom etishini o’ta muhim deb bilamiz. Garchi u qadar yashovchan bo’lmasa-da. Qo’shma Shtatlar bitimning huquqiy asoslarini barbod qilganini ko’ryapmiz”, - dedi Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Vashingtondagi Gudzon tahlil instituti eksperti Richard Vays Rossiya bitimni nega buzayotganini tushuntiradi.

“Rossiya eng kamida AQShdan qo’shimcha imtiyozlarni undirib olmoqchi, masalan, AQSh tizimlarini qo’shimcha tekshirmoqchi. Yoki strategik qurollar nazorati jarayonini Rossiya-Ukraina urushining garovida ushlab turibdi”, - deydi tahlilchi.

Ba’zi mutaxassislar Rossiya Ukrainada taktik yadro qurolini ishga solishi mumkinligini taxmin qilarkan, yadroviy ofat ehtimoli global xavotirlarga sabab bo’lyapti.