Rossiya Prezidenti Vladimir Putin global neft ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilarni bozordagi mushkul vaziyatni yumshatish uchun chora ko’rishga undamoqda. AQSh rahbari Donald Tramp ham qora oltin suvdan ham arzonlashib ketdi, deb shikoyat qiladi.
Tramp 2-aprel kuni Rossiya va Saudiya Arabistoni neft ishlab chiqarishni kamaytiradi, deya umid bildirdi. Natijada jahon bozorida mahsulot narxi biroz oshdi.
Koronavirus bilan bog’liq cheklovlar tufayli neftga talab tushib ketgani bois yanvar oyidan buyon uning narxi qariyb 70 foizga pasaygan. Buning yana bir sababi Saudiya Arabistoni va Rossiya ta’minot bo’yicha kelisha olmagach, bozorni mahsulot bilan to’ldirganidir.
Neft va tabiiy gaz savdosi - Rossiya g’aznasi uchun asosiy daromad manbai. Arzon narxlardan AQShdagi slanets neftini ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ham zarar ko’rmoqda.
Video-konferensiya shaklida o’tgan hukumat majlisida Prezident Putin global neft bozoridagi vaziyatga yechim topish kerak, deya undadi. Uning ta’kidlashicha, neft sektoriga sarmoya qilinmasa, bir kun kelib narxlar ko’tarilib ketishi shubhasiz va buni hech kim istamaydi.
Diplomatik jo’shqinlik
Shu hafta AQSh va Rossiya energetika vazirlari Den Bruyett va Aleksandr Novak neft bozoridagi ahvol haqida gaplashib, kelgusi muhokamalar yirik kompaniyalar va iste’molchilar ishtirokida o’tishiga kelishib olgan.
Bundan sal avval Donald Tramp va Vladimir Putin ham telefon orqali mavzu yuzasidan fikr almashgan.
Rossiya rahbarining so’zlariga ko’ra, neft bozoridagi ahvol AQShni ham tashvishga solmoqda, chunki slanets neftini ishlab chiqaruvchi korxonalar foyda ko’rishi uchun mahsulot narxi 40 dollar atrofida bo’lishi lozim.
“Wall Street Journal” nashriga ko’ra, Prezident Tramp 3-aprel kuni Oq uyda neft kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashadi. Ushbu sektorga yordam rejasi, jumladan, Saudiya Arabistoni neftiga tarif qo’yish ehtimoli muhokama qilinadi.
1-aprel kuni jahon bozorida bir barrel neft narxi 25 dollarga tushib ketdi, oxirgi 18 yilda bu eng past ko’rsatkich.
Barbod bo’lgan kelishuv
Vashington va Moskva o’rtasidagi muhokamalar neft diplomatiyasida yangi burilish sifatida ko’rilmoqda. Mart oyida Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti (OPEK) va boshqa mamlakatlar, jumladan Rossiya, ishlab chiqarishni kamaytirish bo’yicha kelisha olmagan. Natijada 2016-yildan beri amalda bo’lgan kelishuv muddati uzaytirilmadi; OPEK a’zolari va Rossiya eksportni oshirdi.
“Misli ko’rilmagan tanazzulga yechim topish uchun, vazirlar Bruyett va Novak energetika kompaniyalari va iste’molchilar orasida muloqotni davom ettirishga kelishib oldi, jumladan Katta Yigirmalik guruhi orqali”, deyiladi AQSh Energetika vazirligi bayonotida.
Neft va gaz qazishning freking uslubi orqali AQSh so’nggi yillarda dunyodagi yirik ishlab chiqaruvchilardan biriga aylangan. Ammo hozirgi narxlar xarajatni qoplamayapti.
“Telbalarcha harakat”
Prezident Trampning qayd etishicha, kelishuv barbod bo’lganidan keyin Saudiya Arabistoni va Rossiya “telbalarcha” neft ishlab chiqarishni oshiravergan.
“Neft narxi oshishi kerak deb aytishga hojat bo’ladi, deb hech o’ylamagandim”, - deydi u.
Tramp ma’muriyati dunyodagi eng yirik neft eksportchisi Saudiya Arabistonini ta’minotni kamaytirishga ko’ndirmoqchi. AQSh maxsus elchisi Viktoriya Kouts qirollikka yo’l oladi.
Biroq Kremlning bildirishicha, hozirda Riyod bilan neft bozori xususida hech qanday muzokara olib borilayotgani yo’q hamda Saudiya rahbarlari bilan telefon muloqoti ham rejalanmagan. Zarur bo’lsa, muzokarani tezda yo’lga qo’yish mumkin, deya qayd etadi Kreml.