AQSh-Saudiya Arabistoni aloqalari sovuqlashgan

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri (chapda) Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri shahzoda Saud al-Faysal bilan, 25-iyun, 2013-yil.

Tahlilchilar fikricha, AQSh Saudiya Arabistoni bilan yuzaga chiqqan sovuqlikka jiddiy e’tibor bermayapti. Ayrimlar buning oqibati mintaqa uchun salbiy bo’lishidan ogohlantimoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh-Saudiya Arabistoni aloqalari, Behzod Muhammadiy

Saudiya Arabistoni kutilmaganda BMT Xavfsizlik kengashida qo’lga kiritgan a’zolik o’rnidan voz kechganini e’lon qildi. Bu uning Suriya va Eron masalasida yumshoqlik qilgan AQShga nisbatan g’azabi ifodasi sifatida ko’rilmoqda.
Saudiyalik jurnalist Jamol Xoshqaji ham shunday fikrda.

“Sauriya Arabistonining xavotiri shuki, AQShni Eronning yadro dasturi va Isroil xavfsizligidan boshqa narsa qiziqtirmayapti. Ularga ko’ra, Yaqin Sharqdagi muammolar o’z holiga tashlab qo’yilgan”, - deydi u.

“Arab bahori” boshlanganidan beri mintaqada muammolar ko’paydi. Vashingtonning Suriyaga hujum qilish fikridan qaytgani ham Saudiya rasmiylarini qattiq ranjitdi. Shuningdek, Misrdagi so’nggi to’polonlardan so’ng AQShning Qohiraga harbiy yordamni kesishi Riyodga ma’qul kelmadi.

Siyosiy tahlilchi Mustafo Labbadga ko’ra, AQShning Yaqin Sharq siyosatida nomutanosiblik ko’zga tashlanmoqda.

“Qudratli davlat sifatida mukammal rejaga ega bo’lishingiz lozim. Agar unday bo’lmasa, hech narsaga erisha olmaysiz”, - deydi u.

Eron va Saudiya Arabistoni o’rtasidagi dushmanlikning markazida sunniy va shialar ixtilofi. Yadro dasturi muzokaralari doirasida Vashington va Tehron munosabatlarining biroz iliqlashgani Riyodni battar xunob qilmoqda.

Sobiq AQSh elchisi Adam Ereli Vashingtonni Yaqin Sharqdagi ittifoqchilariga e’tiborliroq bo’lishga chaqiradi.

“Ularni e’tiborsiz qoldirishimiz o’zimizga yomon. Chunki ular bizga kerak. O’zimizni go’yoki bu davlatlar doim bizga qulluq qilishi kerakdek tutyapmiz”, - deydi u.

AQSh va Saudiya Arabistoni hanuz terrorga qarshi kurash va neft ta’minoti kabi masalalarda strategik hamkorlar sanaladi. Ko’pchilik bu yo’nalishdagi muhim aloqalarga hozirgi sovuqik xalal bera olmaydi degan fikrda. Ammo munosabatlarda fundamental o’zgarishlar ro’y berishi ehtimoli ham yo’q emas, deydi jurnalist Xoshqaji.

“Yaqin Sharqdagi hozirgi holat 1918-yilda Usmoniylar imperiyasi qulashi ortidan ro’y bergan qayta tug’ilishga o’xshaydi. Yangi vaziyatni nazoratda ushlab turish uchun kuchli va barqaror davlatlarga ehtiyoj bo’ladi”, - deydi u.

Jurnalistning umid qilishicha, Saudiya Arabistoni va uning Turkiya kabi sunniy hamkorlari Yaqin Sharqdagi uyg’onish davrining yangi yetakchilari bo’ladi. Ammo Eronning kuchayib borishi sahnaga qarama qarshi kuchlarning ham chiqib kelishiga sabab bo’lishi mumkin.