Kongressda Saudiya Arabistonini javobgarlikka tortishga doir hujjat muhokamada

  • Amerika Ovozi

Prezident Obama Turkiyada, Katta Yigirmalik sammitida Saudiya Arabistoni qiroli Salmon bilan ko'rishmoqda, 15-noyabr, 2015-yil

Marhumlar oilalarining da'vatiga qaramasdan, Oq uyning bildirishicha, Prezident Barak Obama Saudiya Arabistoni yoki boshqa davlatlarni 2001-yil 11-sentabr xuruji uchun sudga tortuvchi qonun loyihasini imzolashi gumon.

"Terrorizm homiylariga qarshi akt" o'sha mash'um kunda nobud bo'lganlarning oilalariga xorij davlatlari va terrorizmning moliyaviy hamkorlari ustidan sudga arz qilish imkonini berishi mumkin.

Kongressda ana shu loyiha hozir muhokamada ekan, Obama ma'muriyati qonunchilarni undan qaytarishga urinmoqda.

Qonun loyihasi qattiq chig'iriqdan o'tmoqda, ayniqsa, "Nyu-York Tayms" nashrida yaqinda chiqqan maqola ketidan.

Gazetaga intervyu bergan Saudiya mutassaddisining aytishicha, Kongress bu loyihani ma'qullasa, qirollik o'z ixtiyoridagi Amerika obligatsiyalari va qimmatbaho qog'ozlarini yoppasiga sotib yuboradi. Gap milliardlab dollarlik AQSh obligatsiyalari haqida ketmoqda.

Oq uy matbuot kotibi Josh Ernestning aytishicha, loyiha Kongressdan o’tgan taqdirda ham prezident qo’l qo’ymaydi. Loyihada aynan Saudiya Arabistoni tilga olinmagan. Lekin unda, xususan, xorij davlatlarini sudga tortishdan pana qiladigan huquqiy hujjatlarni bekor qilish haqida gap ketmoqda.

“Suveren davlatlarning daxlsizlik huquqi Amerika uchun ham muhim. Biz boshqa davlatlar bilan ishlashimizga imkon beradi bu huquq. Agar bu chora bekor qilinsa, Amerika ham boshqa mamlakatlar tomonidan sudga tortila boshlashi hech gapmas. Chet davlatlarda xizmat qilayotgan odamlarimiz, diplomatlarimiz ham xavf ostida qoladi”, - deydi Ernest.

Obama payshanba kuni Saudiya Arabistoniga borib, Fors ko’rfazi hamkorlik kengashi sammitida qatnashadi. Unda “Islomiy davlat” to’dasiga qarshi kurash, Eron yadro dasturi yuzasidan erishilgan kelishuv, Tehronning mintaqadagi ta’siri kabi mavzular muhokama qilinishi kutilmoqda.

Ernest Saudiya Arabistonini Amerikaning aksil-terror kurashida muhim ittifoqchi deya ta’rifladi. Ikki mamlakat qator masalalarda kelishmasa-da, tafovutlar diplomatiya yo’li bilan hal qilinishi kerak, deydi u.

Amerika aktivlari va obligatsiyalarini sotib yuborish haqidagi tahdid xususida Ernest shunday deydi:

“Saudiya hukumati har ikki davlat iqtisodiyotlari jahon bozori barqaror ekanidan birday manfaatdor ekanini biladi. Milliardlab dollarlik obligatsiya va qimmatbaho qog’ozlarni sotib, vahima boshlashning hech kimga keragi yo’q. Saudiyaga ham”, - deydi matbuot kotibi.

Your browser doesn’t support HTML5

Terroristlarga ustozlik qilgan uchuvchiga nima bo'ldi? 9-11 Pilots/Flight School

Your browser doesn’t support HTML5

Jahon Savdo Markazidan dunyoga nazar

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh-Saudiya Arabistoni "hamkorlik mustahkam"