Jurnalist Jamol Qoshiqchini kim o’ldirgan? Tramp ma’muriyati bu savolga javob topib, bugun Kongressga hisobot berishi kerak edi. Ayrim qonunchilar fikricha, 2018-yil oktabrida Saudiya Arabistonining Turkiyadagi konsulligida ro’y bergan qotillik uchun Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon javobgar.
Saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchi bundan to’rt oy oldin Istanbuldagi konsullikda vashiylarcha o’ldirilgan edi. Uning tanasi parchalab tashlangani aytiladi. Uning o’limini kim buyurgani haligacha noma’lum.
Valiahd shaxzoda Muhammad bin Salmon Qoshiqchini o’ldirishni buyurganmi, bu haqda oldindan bilganmi? Prezident Donald Tramp bu savolga “bilgan bo’lishi mumkin, bilmagan bo’lishi ham mumkin”, deb javob beradi. AQSh rahbari ham, Davlat kotibi Mayk Pompeo ham qirollik bilan munosabatlar a’lo ekanini aytadi.
Qo’shma Shtatlar saudiyalik 17 rasmiyga sanksiya qo’ygan, ammo Salmonga emas. Shaxzoda qotillikka aloqador ekanini rad etadi.
AQSh senatorlari Magnitskiy qonunini ishga solib, Tramp ma’muriyatidan Qoshiqchining o’limiga aloqador shaxslarni topib jazolashni talab qilgan edi. Ushbu qonunga ko’ra, to’rt oy ichida tergov o’tkazilishi, Qoshiqchining g’oyib bo’lishida xorijiy davlatlarning aralashuvi bo’yicha xulosa qilinishi va prezident sanksiya qo’yish to’g’risida qaror qabul qilishi lozim.
Sobiq senator Bob Korker Saudiya shaxzodasi Muhammad bin Salmonni ayblagan edi. Qonunda belgilangan muhlat yetib keldi. Oq uy hozircha jim.
“Kongress bilan maslahatlashishda, Qoshiqchining o’limi uchun javobgarlarni topish ustida ishlashda davom etamiz”, - deydi AQSh Davlat departamenti vakili Robert Palladino.
"Nyu-York Tayms" nashrining razvedka manbalaridan olingan ma'lumotlarga asoslanib yozishicha, 2017-yilda Muhammad Salmon agar Qoshiqchi Saudiya Arabistoniga qaytmasa, "unga qarshi o'q ishlatiladi", deb aytgan.
Turkiya hukumati nazarida Birlashgan Millatlar Tashkilot Qoshiqchi ishi yuzasidan tergov boshlashi kerak.
Inson huquqlari tashkilotlari va Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasiga ko’ra, Oq uy jurnalistning o’limi yuzasidan ma’lumotlarni ommaga taqdim etishi, Saudiya Arabistoni bilan aloqalarni qayta ko’rib chiqishi kerak.