AQShning keksa arboblari, bir paytlar tashqi ishlar vazirlari sifatida dunyo kezib xalqaro masalalarga yechim qidirgan shaxslar Kongressga bugungi muammolarni qanday hal etish bobida o’z maslahatini berdi.
Har bir masalaga alohida e'tibor kerak, eng muhimi, tashqi siyosatda partiyabozlikni chetga surib, davlat xavfsizligi va manfaatlaridan kelib chiqqan holda qaror qabul qilish kerak, deydi arboblar.
Genri Kissinjer 1970-yillarda prezident Richard Niksonning suyangan tog’i bo’lgan.
Jorj Shults esa 1980-yillarda Ronald Reygan qo’lida ishlagan.
Madlen Olbrayt esa 1990-yillarda Bill Klinton tashqi siyosatini amalga oshirgan.
Senatning Qurolli kuchlar bo’yicha qo’mitasida so'zlagan Madlen Olbrayt fikricha Ukraina-Rossiya kelishmovchiligi Yevropaning ko’zini ochdi.
“Rossiyaning Ukrainaga nisbatan agressiv harakatlari butun Yevropani o’z xavfsizligi bilan bog’liq choralarni qayta ko’rib chiqishga majbur etmoqda. Ikkinchi jahon urushidan beri ilk bor ular chegaralar haqida o’ylanib qolgan. Ukraina boshiga tushgan masala o’tmishda qolib ketgan muammolar degan fikrdan qaytishayapti”,- deydi Olbrayt.
Genri Kissinjer nazarida esa Yaqin Sharqdagi siyosiy, etnik va diniy nizolar shu qadar murakkablashib ketdiki, “Islomiy davlat” dek hech qanday chegara tanlamaydigan, o’ta yovuz va barcha davlatlarni dushman deb bilgan tizim vujudga keldi. Bu hammani sergak torttirdi, deydi u.
"Guruh dunyoviy davlatchilikka xos jamiki strukturalarni barbod qilishga bel bog’lagan. Arab dunyosidagi barcha tuzumlarni yo’q qilmoqchi. Unga qarshi alohida strategiya kerak. Hozirgi chora-tadbirlar yaramaydi”,- deydi Kissinjer.
Jorj Shultz ta’biricha Amerika o’z immigratsiya tizimini isloh qilmas ekan, chegaralarni mustahkamlamas ekan, muammo ko’payaveradi.
Noqonuniy immigrantlar oqimi kamaysin desak, ularning vatanidagi vaziyatni yaxshilash kerak, deydi u.
"O’tgan yili chegaralarimizda najot so’rab turgan minglab bolalarga qarasangiz, birortasi meksikalik emas edi. Vaholanki, biz hujjatsiz muhojirlar asosan Meksikadan deb o’ylaymiz. Ular Salvador, Gonduras va Gvatemala singari tirikchilik qilish juda qiyin bo’lgan, jinoyatchilik keng qanot yozgan jamiyatlardan. Bu davlatlarga e’tiborni oshirish kerak",- deydi Shults.
"U yerda hayot yaxshilanmasa, biz tomonga noqonuniy immigrantlar kelaveradi.”
Genri Kissinjer gapirayotgan paytda zalda namoyish avj olib, keksa arbobni Vyetnamdagi urush va Janubiy Amerikadagi mojarolarda ayblay boshlashdi. Majlis tomoshaga aylanib ketdi. Namoyishchilar keyinroq zalni tark etishdi.