Charlstondagi cherkovga hujum qilgan yigit sudda javob beradi

  • Amerika Ovozi

Dilan Ruf, 21 yoshli yigit cherkovga kirib otishma boshlagan va to'qqiz odamni o'ldirgan.

AQShning Janubiy Karolina shtati, Charlston shahrida qora tanli aholi qatnovchi tarixiy cherkovda qatliom sodir etgan yigit bugun sudda javob beradi. Hukumat voqeani tergov qilar ekan, irqchilik, nafratga asoslangan jinoyat ehtimoli ko'rib chiqilmoqda. Ko'plab ekspertlar nazarida bu mahalliy terrorizm deb baholanishi kerak.

Yigirma bir yoshli Dilan Ruf hozir Federal qidiruv idorasining qo'lida. Chorshanba kuni Charlston shahridagi cherkovga bostirib kirib, otishma boshlagan bu yigit to'qqiz odamni o'ldirdi va yana uch kishini jarohatlaganini o'z bo'yniga olgan.

Politsiyaning aytishicha, Ruf avvaliga cherkovga kirib, bir soat jim o'tirgan. So'ng o'rnidan turib, qoralarni qirish kerak, deya o't ochgan.

Guvohlarning so'zlariga ko'ra, yigit cherkovdagilarga qarata - "siz bizning ayollarni zo'rlagansiz, davlatlarimizni bosib olgansiz", degan.

Uning yaqinlari matbuotga bergan intervyusida aytishicha, Ruf qoralar dunyoni egallab olayotganidan, oqlarni himoya qilib chiqish zaruratidan so'zlagan.

Charlston shahri motamda.

Marhumlar orasida Janubiy Karolina shtati mahalliy senatori, 41 yoshli Klementa Pinkni ham bor.

Prezident Barak Obama payshanba kuni voqea yuzasidan so'zlar ekan, hissiyotlarini yashirmadi. Ilg'or jamiyatda bu kabi hujumlar tez-tez ro'y berishiga yo'l qo'ya olmaymiz, dedi u.

"Bu kabi bayonotlar bilan qayta-qayta chiqaverish og'ir", - dedi Obama. "Jamoalar jabr ko'raverishi to'g'ri emas. Bir kishining qilmishi sababli begunoh insonlar halok bo'ldi".

Hujumga uchragan cherkov 1816-yilda oqlarga qarashli mahalliy cherkovdan ajralib chiqib tashkil topgan. Qo'shma Shtatlar janubidagi afro-amerikaliklarga tegishli eng qadim diniy dargohlardan biri.

Charlston: Ibodat paytida qotillik