O’tgan hafta AQSh futbol terma jamoasiga yangi bosh murabbiy tayinlanndi - Yurgen Klinsman, Germaniya futbol yulduzi.
Nyu-Yorkda jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, Klinsman terma jamoa bilan xalqaro tajribaga asoslanib ishlash niyatida ekanini aytdi.
13 yil davomida Kaliforniyada yashagan sobiq futbolchi uning amerikaliklar haqidagi bilimi yangi ishida qo'l keladi degan umidda.
Klinsman bilan imzolangan shartnoma tafsilotlari, xususan maoshi oshkor etilmagan.
Yangi murabbiy birinchi navbatda o’yinchilar bilan tanishish niyatida.
“Albatta, o’yinchilarni o’rganishim uchun bir oz vaqt kerak. Yosh o’yinchilarni ham ko’rib chiqishim kerak”,- deydi u.
Klinsmanning oldidagi birinchi vazifa - kelasi hafta Filadelfiyada AQSh va uning ashaddiy raqibi Meksika o’rtasidagi bellashuv uchun o’yinchi tanlash.
“O’yinchilarning ko’pi hozir yozgi ta’tilda. Ularning ba’zilari hatto Yevropadagi yangi mavsumda ishtirok etmagan. Lekin bu – ishimning bir qismi”.
47 yoshli Klinsman AQSh Futbol Federatsiyasi prezidenti Sunil Gulati, Bosh ijroiya rahbari Den Flin va boshqalar bilan maslahatlashib ishlaydi.
Uning nazarida so’nggi yillarda AQSh futbolchilarining professional darajasi ancha oshgan.
“Bilasizmi, chet elda juda ko’plar AQShga katta qiziqish bilan qaraydi, bu yerdagi jarayonlarni yaqindan kuzatib boradi. So’nggi yillarda men AQShning futbol sohasidagi kelajagi porloqligiga ishonadigan ko’plab odamlarni uchratdim. Bu esa talabni oshirib, futbolni yanada tanitadi”, - deydi murabbiy.
1990 yilgi Jahon kubogi va 1996 yilgi Yevropa chempionatida Germaniya futbol jamoasining g’alaba qozonishiga Klinsman katta hissa qo’shgan. 2006 yilgi Jahon chempionatida esa Germaniya jamoasi Klinsman murabbiyligi ostida uchinchi o’rinni egallashga muvaffaq bo’lgan.
AQSh terma jamoasi 2014 yilda Braziliyada o’tadigan Jahon kubogida maydonga tushish niyatida ekan, Klinsmandan umid katta.