Yaponiyaning Okinava orolidan 9 ming AQSh askari ko’chiriladi. Bu haqdagi kelishuv Vashington va Tokio erishgan katta diplomatik yutuq sifatida baholanmoqda. Ushbu qaror bir qator yangi muammo va savollarni ham keltirib chiqaradi.
Okinava orolidagi 19 ming zobitning qariyb teng yarmi boshqa hududlarga, jumladan Tinch okeanidagi Guam oroli, Gavayi va Avstraliyaga ko’chiriladi. Jarayon qachon boshlanishi hali ma’lum emas.
Siyosatshunos Richard Beykerning aytishicha, muzokaralarda siyosiy, moliyaviy, texnik hamda infrastruktura masalalari nazardan o’tkazilgan.
“Murosa uchun yo’l topilgani yaxshi. Lekin jamoatchilik bu qarorni qanday qabul qilishi kelishuvning o’zi kabi nozik va murakkabdir”, - deydi u.
Okinavadagi harbiy havo bazasining yopilish-yopilmasligi hali noma’lum. Uni orol shimoliga ko’chirish haqidagi taklifga mahalliy aholi jiddiy qarshilik ko’rsatmoqda.
Okinava aholisi amerikalik harbiylarning butunlay ketishini istaydi. Lekin Xitoyning regiondagi ta’siri kuchayib borayotgan bir paytda Yaponiya hukumati bu talabga ko’nishi amri mahol.
Obama ma’muriyati ittifoqdoshlar himoyasiga doim shay turishini ta’kidlab keladi. Sobiq diplomat Richard Beyker nazarida, shu bois ham qo’shinlarning Guam va Gavayiga ko’chishi xato qaror deb ko’rilishi mumkin.
Guamda quriladigan yangi harbiy baza 8,6 milliard dollarga tushishi kutilmoqda. Xarajatning bir qismini Yaponiya qoplaydi.
Yangi majmua AQShning orolda Vyetnam urushidan beri qurgan eng katta bazasiga aylanadi. Vyetnam urushi davrida Guam orolidan AQShning B-52 bombardimon samolyotlari uchgan.
180 ming aholiga ega orol iqtisodiyoti turizm va harbiylarga tayanadi. Bu yerda hozir AQShning 7 ming harbiysi bor. Ular Anderson havo bazasida hamda g’arbiy sohildagi “Katta flot” deb nomlangan bazada joylashgan.
Senator Judi Gusertz - Guam parlamentida harbiy istehkomlarning qurilishini nazorat qiluvchi qo’mita rahbari.
Biz uchun eng muhimi, deydi u, infrastrukturamiz yangi sharoitga javob bera olishi kerak. “Orolning go’zalligi va o’ziga xos tropik ko’rinishini ham saqlab qolishimiz zarur. Harbiy hamkorlarimiz buni yaxshi tushunishadi”, - deydi senator.
Dastlab Yaponiyani tark etayotgan jami harbiylarni Guamga ko’chirish rejalangan edi. Ammo aholi va qonunchilar orasida bu yangilikka munosabat turlicha. Poligon va harbiy kemalarni qayerda joylashtirish - yechimini kutayotgan masalalardan.
Senator Guserts yanada ko’proq askarlarning kelishiga rozi, ammo, avvalo, mahalliy xalqni bunga ko’ndirish kerak.
“Javobsiz turgan savollar ko’p. Harbiylar uchun yangi uylar quriladimi yoki mavjud turar-joy xizmatlaridan foydalaniladimi? Mahalliy kompaniyalar qanday xizmatlar taklif qila oladi? Guam iqtisodiyoti bundan naf ko’rishi aniq, ammo qay tarzda hali bilmaymiz ,” - deydi qonunchi.
AQShning qator nufuzli senatorlari ko’chish bilan bog’liq xarajatlar kattaligidan tashvish bildirgan. Muhimi, Osiyo-Tinch okeanida AQSh harbiy nufuzini saqlab qolishi kerak. Pentagon Kongressga bu borada batafsil hisobot beradi.
AQShning Yaponiyadagi askarlari soni jami 35 mingni tashkil etadi. Janubiy Koreyada esa ular soni 28 ming.