Shimoliy Karolinada uch musulmon talabani otib o'ldirishda ayblanayotgan shaxs o'limga mahkum etilishi mumkin. Xalqaro maydonda islom nomi bilan amalga oshirilayotgan xurujlar soni ortgan sari Amerika musulmonlarining xavotiri ham kuchayib bormoqda. "Amerika ovozi" Shimoliy Karolinaga safar qilib, mamlakat janubida yashayotgan musulmonlar hayoti bilan tanishdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Qish bo'ronlari ortda qolib Chapel Xildagi talabalar shaharchasida hayot yana o'z iziga qaytmoqda.
Ammo bir necha hafta oldin bu yerda stomatologiya talabasi Dia Barakat, uning rafiqasi va qayin singlisi radikal dahriy ekani aytilgan bir shaxs tomonidan otib ketilgan.
Mahalliy musulmonlardan Salli Ayad hodisadan hayratda qolganini yashirmaydi.
"Juda xafa va g'azabda edim. O'zingizga, farzandlaringizga qarasangiz, tezda sizni qo'rquv hissi qoplab oladi", - deydi u.
Ayadlar oilasi Chapel Xil va Roli shahri atrofida yashovchi 38 ming musulmon jamoasiga mansub.
"Bu yerda haqiqiy amerikalik bo'lib ulg'ayganman", - deydi Salli.
"Pianino chalaman, sportga qiziqqanman. Qizlar skaut jamoasida bo'lganman".
Bir paytlar tamaki sanoati bilan mashhur bo'lgan joy o'tgan asrning 60-yillaridan boshlab o'ziga texnologiya va tadqiqot kompaniyalarini jalb eta boshladi.
Mintaqaning ilm-fan markaziga aylanishi yuqori malakali muhojirlarning bu yerga ko'chishini ham tezlashtirdi. Ularning aksariyati, jumladan, musulmonlar uchun bu yer Amerikacha orzuning ro'yobi edi.
Muhammad Elgamal kompyuter texnologiyalariga oid kompaniya egasi. Dinim hech qachon muammo bo'lmagan, deydi u.
"Uzoq vaqtlardan beri musulmonlar bu yerda boshqa din yoki e'tiqoddagilar kabi yashagan", - deydi Elgamal.
Metodistlar kolleji sifatida tashkil etilgan Dyuk universiteti yanvar oyida cherkov minorasidan azon o'qitishni rejaladi.
Ammo Islomiy fanlar professori Omid Safining aytishicha, universitetga tahdidlar yog'ilgach, reja bekor qilingan.
"Bag'rikeng, hur fikr jamiyat ekanimizni ko'rsatishda ilg'or bo'lishimiz kerak. Agar kollejlarda bunday amaliyotlarni yo'lga qo'ya olmasak, yana qayerlarda qila olishimiz mumkin?" - deydi professor.
Salli Iyadning kelajakdan umidlari katta.
"Jamiyat sifatida qiyinchiliklarni ijobiy ruh bilan yengib o'tishimiz kerak. To'g'risi, boshqa joyda yashashni tasavvur qila olmayman", - deydi musulmon ayol.
Ammo u farzandlarining kelajakda tazyiq va hatto zo'ravonliklarga yuz tutishi mumkinligidan xavotirda.