Fazodagi xususiy biznes kelajagi porloq

  • Amerika Ovozi
Fazoga raketa uchirish bilan ilgari faqat hukumatlar shug’ullangan bo’lsa, bugun xususiy kompaniyalar ham bu sohaga daromadbop biznes deb qaraydi. 200 milliard dollarga teng sanoatni rivojlantirishda hukumatlar va xususiy sektor hamkor. Xarajatlarni kamaytirishda yangi texnologiyalarning roli beqiyos, lekin eng muhimi fazoni tadqiq etish imkoniyatlari kengayib borayapti.

2014-yil AQShning “Orbita” ilmiy korporatsiyasi uchun yaxshi boshlandi: 9-yanvar kuni “Antares” raketasi fazoga uchdi. Unda Xalqaro fazo stansiyasiga yuborilishi rejalashtirilgan sakkiz qismli yukning birinchisi yetkaziladi.

“Orbita” NASA Fazo agentligi bilan hamkorlik qilayotgan ikki xususiy firmadan biri. Kosmosdagi laboratoriyaga kontrakt asosida asbob-uskuna tashiydi.

Bundan 20 yil avval tijoriy parvozlarni boshlab bergan “Arianespace” kompaniyasiga ko’ra, 2014-yil rekordlar yili bo’ladi.

Kleyton Mauri Yevropa fazo konsorsiumining AQSh bo’limini boshqaradi.

“O’tgan yili kosmosga sakkiz marta raketa uchirdik. Bu yili yangi rekord qo’yib, 10 tadan ham ko’proq uchirish niyatidamiz”.

Raketalar tez-tez samoga ko’tarilayotgani fazoviy texnologiyalarga, jumladan yuqori sifatli teleradio dasturlar uzatish uchun mo’ljallangan sistemalarga talab oshayotgani bilan ham bog’liq.

Shunga qaramasdan 2011-yilda NASA 30 yillik kosmik dasturini yakunladi. Xizmatini o’tab bo’lgan raketalar AQSh bo’ylab muzeylarga tarqatildi.

Janis Starzik Vashingtondagi Fazoviy biznes markazida ta’limiy programmalar uchun mas’ul.

“Missiya yakunlanishi bilan sanoatda mingdan ziyod odam ishsiz qoldi”.

AQSh Fazo agentligi qoldirgan bo’shliqni boshqa mamlakatlar egallashga shay. O’tgan yil dekabrda Xitoy oyga missiya yuborgan uchunchi davlat bo’ldi. Hindiston esa birinchi aloqa yo’ldoshini koinotga uchirdi.

Daniyada havaskor kosmonavtlar fazoga uchish aslida qimmat emasligini isbotlashga bel bog’lagan. Jamoatchilik uchun ochiq manbalar va homiylar yordamida Kristian Fon Bengston bir tashkilot ochib, bolalik orzusini ro’yobga chiqarish niyatida – o’z qo’li bilan yasagan raketani uchirish.

“Hamma kosmosga uchish uchun milliardlab dollar pul kerak, hukumat yordamisiz ish bitmaydi, deb o’ylaydi. Aslida buning uchun katta mablag’ talab qilinmaydi, shuni amalda ko’rsatib bermoqchimiz”.

Fon Bengston 2020-yilgacha bu rejasini amalga oshirish niyatida.

Bu sohaga ko’proq talabalarni jalb etishimiz kerak, deydi Fazoviy biznes markazidan Janis Starzik.

“Ko’pgina mamlakatlarda bu katta muammo. Yoshlar muhandislik, xususan aviakosmik muhandislikka qiziqish bildirmaydi”.

Fazoviy biznes rivojlansa, yosh mutaxasisslarga ham talab oshadi, albatta.

So’nggi uch yilda tashkilot dasturlariga yozilgan yoshlar ancha ko’paydi. Koinot cheksiz bo’lganidek, bu sohada yoshlar uchun hech qanday to’siq yo’q.