Talabalar orasida marixuana chekuvchilar ko'paymoqda

  • Amerika Ovozi

Amerikalik talabalar tamakiga qaraganda ko’proq marixuana iste’mol qilishga o’rganmoqda.

So’nggi tadqiqot natijalariga ko’ra, talabalarning 5,9 foizi deyarli har kuni nasha chekadi. Bu 1980-yildan beri eng baland ko’rsatkich. 2007-yilda bundaylar soni 3,5 foizga teng edi. Kollej talabalarining 5 foizi esa har kuni tamaki chekishini aytgan.

Yoshlar orasida marixuana bilan eksperimentlar o’tkazish hollari ham ko’paygan. Talabalarning 21 foizi so’nggi 30 kun ichida bu narkotikdan kamida bir marta foydalangan. 2006-yilda bu raqam 17 foizga teng edi.

Biroq 2014-yilga qaraganda raqamlar deyarli o’zgarmagan, deydi masalani o’rgangan Michigan universiteti tadqiqotchilari.

“So’nggi 7-8 yil ichida kollej talabalari orasida marixuana iste’moli oshgani aniq. Yuqori sinf o’quvchilari orasida ham shunday jarayon kuzatiladi”, - deydi bosh tadqiqotchi Lloyd Jonson.

Marixuana tamakidan xavfsizroqmi?

Narkotik modda iste’molining oshayotganiga asosiy sabab, deydi Jonson, marixuana tamakiga qaraganda zararsiz, degan noto’g’ri tushunchaning mavjudligidir.

2006-yilda yoshi 19 dan 22 gacha bo’lgan yoshlarning deyarli barchasi marixuananing har kungi iste’moli salomatlik uchun zarar degan bo’lsa, 2014-yilda bunday fikrni so’ralganlarning bor-yo’g’i 35 foizi bildirgan.

“Sabab shundaki, ko’p shtatlarda marixuanani tibbiy maqsadda hamda dam olish uchun iste’mol qilish qonuniylashtirildi”, - deya tushuntiradi Jonson. AQShning to’rtta shtati va uchta shahari, shu jumladan, poytaxt Vashingtonda marixuana chekish qonunga zid hisoblanmaydi. Yana 12 shtatda tibbiy maqsadda, ya’ni shifokor maslahati bilan bunday qilish mumkin.