Sudanda harbiylar hokimiyatni qo’lga olishi ketidan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken seshanba kuni hibsdan ozod etilgan Bosh vazir Abdulla Hamduk bilan telefonda gaplashdi. Qo’shma Shtatlar va Birlashgan Millatlar Tashkiloti harbiylarni hokimiyatni fuqaroviy hukumatga topshirishga chaqirmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
"Sudanda harbiy to’ntarishni qattiq qoralayman. Barcha taraflarni bosiqlikka da’vat etaman”, - dedi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.
AQShning tashkilotdagi elchisi o’rinbosari Richard Mills chorshanba kuni Xavfsizlik Kengashida o‘tgan majlisda shunday dedi:
“Yana takror aytaman, muvaqqat hukumatning kuch bilan o’zgartirilishi AQSh yordamining to’xtashiga olib keladi”.
Davlat to’ntarishi tepasida turgan general Abdul Fattoh Burxon Sudanni 2019-yil avgustidan beri boshqargan 11 a’zolik Suverenitet kengashi va bosh vazir Hamduk hukumatini zo’ravonliklarning oldini olish maqsadida tarqatganini ma’lum qildi.
Biroq Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Praysning aytishicha, harbiylar Sudan xalqining demokratik orzularini chippakka chiqardi.
AQSh rasmiysiga ko’ra, harbiylar ushbu voqealar ketidan qamalgan barcha siyosiy mahbuslarni ozod etib, fuqaroviy hukumatni to’liq tiklashi, tinch namoyishchilarga qarshi zo’ravonliklardan, jumladan jangovar o’q-dorilarni ularga qarshi ishlatishdan voz kechishi kerak.
Blinken Hamdukning ozod etilganini olqishlab, Qo’shma Shtatlar Sudanning demokratik boshqaruvga qaytishi tarafdori ekanini aytdi.
AQSh Tinchlik instituti eksperti Jozef Takerning aytishicha, hozirgi vaziyatda diplomatik yondashuv AQSh uchun eng to’g’risidir.
“Misr bilan bu borada muloqot qilish kerak. Sudan harbiylari va harbiylarga yon bosayotgan odamlar mintaqa davlatlarini ularga xayrixoh deb o’ylayotgan bo’lishi mumkin. AQSh hukumatidagi yuqori lavozimli rasmiylar vaziyatga jiddiy yondashishi zarur”, - deydi Taker.