AQShning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi elchisi Nikki Heyliga ko'ra, Tramp ma'muriyati Isroil-Falastin mojarosi yechimini arablarning mustaqilligida ko'radi.
"Ikki mustaqil davlat bo'lsin, deymiz. Amerika buni istamaydi deyish katta xato", - deydi elchi Nyu-Yorkda so'zlar ekan.
Yaqinda Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu Vashingtonda Prezident Donald Tramp bilan uchrashganida ham unga shu gap aytilgan.
Lekin 15-fevral kuni Oq uyda kechgan matbuot anjumanida Tramp maqsad tinchlik ekanini aytib, bir davlatmi-ikki davlatmi, farqi yo'q, degan qabilda gapirdi. Bu xalqaro hamjamiyatda shov-shuvga sabab bo'ldi. Chunki shu paytgacha AQSh rahbarlari, qay partiyadan bo'lmasin, Falastin va Isroil bir-biri bilan tinchlikda yashaydigan ikki suveren mamlakat bo'lmasa, Yaqin Sharqda barqarorlikka erishib bo'lmaydi, deb keladi. Xalqaro maydonda ham Amerika shu g'oyani targ'ib qiladi. Har ikki tomon o'z oldiga qo'yilgan shartlarni bajarishi lozim, deydi arboblar, jumladan, bir-biriga nisbatan qonli hujumlarni to'xtatishi shart.
Nikki Heylining aytishicha, hozirda u va boshqa diplomatlar tomonlarni qanday qilib muzokara stoliga olib kelish ustida bosh qotirmoqda.
BMTning Yaqin Sharq tinchligi bo'yicha maxsus koordinatori Nikolay Mladenov ham "ikki davlat kelishuvi" ezgu maqsad, deydi.
Uning Quddusdan turib aytishicha, Isroil arab yerlarida yahudiylar uchun uy-joy qurishni darhol bas qilishi shart. Falastinliklar esa adolatni zo'ravonlik va nafrat bilan ta'minlash mumkin emasligini anglab, xurujlarni to'xtatishi lozim. Bunda diplomat Hamas jangari guruhi davom ettirayotgan hujumlarni nazarda tutmoqda. Yana bir siyosiy taraf, Fath, Hamas bilan kelisha olmaydi va shu tariqa falastinliklar tarqoq taraf deya qabul qilinadi.
BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish ham Qohiraga safar qilar ekan, Isroil va Falastin ikki davlatga aylanishidan boshqa yo'l yo'q, deydi.
Bu borada jonbozlik ko'rsatib kelayotgan Fransiya nazarida tomonlar bugun bir-biridan har qachongidan uzoq. Yechimni faqat qurol orqali topish mumkin degan qarash keng tarqalgan. 70 yildan beri hal etilmagan mojaro xalqlar va ularning yetakchilarinining toqatini toq qilib, umiddan nishon qolmagandek, deydi Fransiyaning BMTdagi elchisi Fransua Delatr. Lekin oldingiga intilmay iloj yo'q, deydi u, Isroil va Falastin diplomatlariga qarata, muloqotsiz ish bitmaydi.
Britaniya ham AQSh pozitsiyasi o'zgarmaganidan mamnun. Yahudiy va arablar bir-biri tomon qadam tashlasin, deya undamoqda bu davlatning BMTdagi elchisi Metyu Raykroft.
“Prezident Mahmud Abbos Isroil bosib olgan yerlarini tark etishini kutmoqda. Xalqaro hamjamiyat vositachiligida muzokaraga tayyormiz", - deydi Falastinning BMTdagi vakili Riyod Mansur.
BMT Xavfsizlik kengashida 2016-yilda qabul qilingan rezolyutsiya Isroildan Falastin yerlarida yahudiylar uchun turar-joy barpo etmaslikka chaqiradi. Shu paytgacha Isroil bu talabga ko'z yumib keladi.
Tramp Isroilga elchi sifatida tanlagan Deyvid Fridman Falastin mustaqilligiga qarshi. Senat tasdig'idan o'tishga urinayotgan Fridman qonunchilarning bu boradagi savollariga javob berishga qiynaldi. Tramp u albatta ma'qullanadi, deydi.
BMTdagi elchi Heyli Xavfsizlik Kengashini masalaga nisbatan yondashuvni yangilab, birgalikda ishlashga, xolisona harakat qilishga undamoqda. Kengash a'zolari fikricha esa AQShning yangi rahbari va u tanishtirayotgan siyosatni tushunish uchun ancha vaqt kerak.