AQSh Suriya borasida yangi takliflar bilan chiqadi

  • Amerika Ovozi
Qo’shma Shtatlar Suriya prezidenti Bashar al-Assadni hokimiyatgan ketishga ko’ndirish uchun yangi diplomatik takliflar bilan chiqadi.

“Assad tushunishi kerakki, Suriyaning bo’lajak hukumatida unga joy yo’q”, - deydi Davlat kotibi Jon Kerri, jurnalistlar bilan suhbatda.

Aynan qanday takliflar haqida gap ketayotgani hozircha ma’lum emas. Avvalo bir qancha tomonlar bilan maslahatlashib olish zarur, deydi Kerri, Rossiyaga ishora qilib.

AQSh bosh diplomati kecha Iordaniya Tashqi ishlar vaziri Nosir Juda bilan muloqot qilgan. 300 ming suriyalik qochqinga boshpana berganmiz, bizga yordam kerak, deydi mehmon.

Bugun Jon Kerri, shuningdek, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik bo’yicha oliy vakili Ketrin Eshton va BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun bilan Suriya borasida fikr almashdi.

BMT hisobicha, prezident Assadga qarshi isyonda shu kungacha 70 ming odamning yostig’i qurigan.

Bu orada, Rossiya bu davlatga qurol-aslaha eksportini to’xtatmoqchi emas. “Rosoboroneksport” davlat agentligi direktori Anatoliy Isaykin qurol savdosiga hech qanday sanksiya qoyilgan emas, ikki mamlakat o’rtasida shartnomalar bor, deya eslatadi.

Uning qayd etishicha, Rossiya sotayotgan qurollarni Suriya faqatgina mudofaa uchun ishlatishi mumkin, aholiga hujum qilish uchun emas.

So’nggi xabarlarga qaraganda, Suriyada isyonchilar Iroq chegarasi yaqinidagi al-Shadada shahrini bosib olgan.