AQSh Suriyaga askar kiritishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Ozod Suriya armiyasi jangchisi

AQSh Suriyaga askar kiritishi mumkin. Mamlakat harbiylari shu masala bo’yicha bir necha variantdan iborat reja ustida ishlamoqda.

AQSh harbiy kuchlari bosh shtabi rahbari general Martin Dempsi shunga doir rejani Kongressga taqdim etdi. Unda Suriya muxolifatini tayyorgarlikdan o’tkazish, shuningdek, hukumatning kimyoviy qurollarini yo’q qilish kabi mavzular muhokama qilingan.

General Dempsining aytishicha, maqsad muxolifatga yordam berish va prezident Bashar al-Assad hukumatiga ko’proq bosim o’tkazish.

“Ayni paytda ekstremist guruhlarning kuchayishi va ommaviy qirg’in qurolining tarqab ketishi kabi biz istamagan natijalar ham ro’y berishi mumkin”, - deya qo’shimcha qiladi AQSh rasmiysi.

Shu paytgacha Vashington Suriyaga to’g’ridan-to’g’ri qo’shin kiritish haqida gap ochmay keldi. Vashington muxolifatga, asosan, gumanitar sohada yordam berib kelayotgan edi.

General Dempsi rejasida Suriya uzra harbiy parvozlarni man qilish masalasi ham olg’a surilgan. Ammo buni amalga oshirish uchun yuzlab AQSh samolyotlari safarbar etilishi lozim hamda xarajatlar har oy bir milliard dollargacha yetishi mumkin. Bu ishda, shuningdek, amerikalik minglab askarlar ishtirok etishi kerak bo’ladi.

Suriyaga qarshi harbiy yo’l qo’llash qarori qabul qilingach, AQSh buning asoratlari uchun tayyor turishi kerak, deya ogohlantiradi general Dempsi Kongressga yozgan maktubida.

Qo’shma Shtatlar harbiylari yetakchisi yaqinda Kongress oldida bergan hisobotida Suriyadagi urushda hukumat kuchlari qo’li baland kelayotganini aytgan edi.

http://www.voanews.com/flashembed.aspx?t=phg&id=1706404&w=640&h=506&skin=embeded