AQSh Tolibon bilan Qatarda muzokara qiladi

  • Amerika Ovozi

Arxiv surat

BMTning Jahon Oziq-ovqat dasturi tashkilotiga ko’ra, Afg’oniston aholisining salkam 60 foizi yoki taxminan 24 million odam o’tkir ochlikdan jabr ko’rmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 24-noyabr, 2021-yil

AQShning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Tomas Vest kelasi hafta Qatar poytaxti Doxada Tolibon rahbarlari bilan ko’rishmoqchi. Qo’shma Shtatlar bu mamlakatdagi gumanitar inqirozdan xavotirda.

Vestning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Afg’oniston 20 yil tashqi yordamga tobe bo’ldi va xalqaro moliyaviy yordamning to’xtashi gumanitar inqirozni kuchaytirdi.

“Davlat xarajatlarining salkam 75 foizi tashqi yordam hisobiga qoplanar edi. Yalpi ichki mahsulotning taxminan 40 foizi chetdan moliyalangan edi. So’nggi yillarda Tolibonni ogohlantirganmiz. Agar hokimiyatni harbiy yo’l bilan olishga qo’l urishsa, tashqi yordam to’xtaydi deya tayinlaganmiz”, - deydi rasmiy.

O’tgan hafta Tolibon tashqi ishlar vazirining so’zlovchisi AQSh Kongressini toliblar hokimiyatga kelganidan so’ng muzlatilgan pullarni qaytarishga chaqirdi, iqtisodiy qashshoqlik odamlarning ommaviy ravishda mamlakatni tark etishga majburlashini, boshqa mamlakatlar qochqinlar bilan yuzlashishini aytdi. Vestning aytishicha, AQSh va boshqa mamlakatlarda muzlatilgan bu pulni qaytarish Tolibon o’ylaganchalik oson emas.

“Bu pullarning ma’lum banklardan boshqa joylarga ko’chirilishiga to’sqinlik qilayotgan o’ta murakkab huquqiy va qonuniy sabablar bor”, - dedi Vest.

So’nggi paytlarda Tolibon AQSh va xalqaro hamjamiyatning ayrim talablariga quloq solayotgandek ko’rinadi. Xususan, Hirot shahrida o’rta va yuqori sinf o’quvchi qizlari maktablarga qaytgan.

Bu o'rtada O’zbekiston va Qozog’iston qurolli kuchlari Afg’oniston chegarasi yonida qo’shma mashg’ulotlar o’tkazdi. Ular chegara orti hujumiga qarshi mudofaa harakatlarini mashq qildi.

O’zbekiston Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko’ra, Termiz yaqinidagi tadbirda 300 ga yaqin askar, 50 ta harbiy texnika, artilleriya, qiruvchi samolyotlar, vertolyot va dronlar qatnashgan.

Tolibon Afg’onistonda hokimiyatni qo’lga olganidan beri Markaziy Osiyo mamlakatlari yangi hukumat bilan aloqalarni o’rnatishga harakat qilibgina qolmay, Rossiya bilan birga chegarada qator harbiy mashqlar ham o’tkazdi.