Qo'shma Shtatlar Suriyadagi fuqarolar urushida ishtirok etayotgan o'zbek jangari guruhini qora ro'yxatga qo'shdi. Davlat departamentining e'lon qilishicha, "Katibat al-Imom al-Buxoriy" - global terrorchi tashkilot.
AQSh bu qarori bilan guruhni terror hujumlarini amalga oshirish salohiyatidan, resurslardan ayirmoqchi. Agar uning Amerikada mulki bo'lsa, muzlatiladi. AQSh fuqarolarining u bilan aloqa qilishi man etiladi.
Davlat departamenti bayonotiga ko'ra, "Katibat al-Imom al-Buxoriy" Suriyada jang qilayotgan eng yirik o'zbek guruhlaridan biri bo'lib, mamlakat shimoli-g'arbida Al-Nusra Fronti singari jangari guruhlar qatorida olishgan. Al-Nusra al-Qoidaning Suriyadagi qanoti hisoblanadi.
2015-yili "Katibat al-Imom al-Buxoriy" internetga qo'ygan videoda bolalarga quroldan foydalanishni o'rgatuvchi trening markazi ko'rsatilgan edi. 2017-yildagi yana bir video lavhada qurollangan odamlar aks etgan.
Britaniyaning "The Times" gazetasi o'tgan yili markaziy osiyolik jihodchilar haqida maqola chop etgan edi. Unda yozilishicha, Iroq va Suriyada o'zbek, tojik, qirg'iz, qozoq va uyg'urlardan iborat jangarilar soni to'rt mingga yaqin. Mintaqadan chiqqan jangarilar shahidlikka tayyor turgan “asilzodalar” qatlamiga kiradi.
"Markaziy Osiyodan borganlar juda faol va ko'pincha ularni yetakchi vazifalarga qo'yishadi. Chunki ular ideologik jihatdan boshqa mintaqadan borganlarga qaraganda tajribaliroq va qat'iyatlari ham kuchli", - deydi Erlan Karin, qozog'istonlik tadqiqotchi.
Karin 2016-yili Vashingtonda o'tgan davra suhbatida so'zlagan. Markaziy osiyoliklar yetakchiligida tashkil etilgan guruhlar qatorida "Sabri Jamoat", "Jamoati imom Buxoriy", "Katibat Tavhid va Jihod"ni sanab o'tgan edi.
AQSh, shuningdek, Fransiya fuqarosi Jo Aspermanga ham terrorchi degan tamg'a bosdi. Agar uning Amerikada mol-mulki va moliyasi bo'lsa, muzlatiladi.
Davlat departamenti tarqatgan ma'lumotga ko'ra, Asperman - Suriyada "Islomiy davlat" safida kimyoviy qurollar bo'yicha ekspert. Bunday qurollarni ishlab chiqarish va jang maydonida qo'llash amaliyotlariga boshchilik qilgan.
Suriyada davom etayotgan fuqarolik urushida nafaqat Bashar al-Assad hukumati, balki "Islomiy davlat" ham kimyoviy hujumlarda ayblanadi.