AQSh Iroq kurdlarining mustaqillik referendumiga zudlik bilan qarshi chiqqani Turkiyada iliq kutib olindi. Vashington Suriyadagi kurd jangchilariga berayotgan yordam dasturini ham qayta ko'rib chiqadi, degan umidlar bor.
Vashington an'anaviy ittifoqchisi bo'lgan kurdlarni mustaqillik masalasida qo'llab-quvvatlamagani Anqara uchun kutilmagan yoqimli xabar bo'ldi. Turkiyada agar Kurdiston mustaqil davlat bo'lsa, janubi-sharqiy Turkiyadagi kurdlar ham ajralib chiqishni talab qilishi mumkin, degan xavotir kuchli.
Xalqaro aloqalar bo'yicha ekspert Soli O'zelning aytishicha, AQShning bu qarori Vashingtonga shubha bilan qarovchi turkiyaliklarni quvontirdi.
"Turkiyada kurdlar referendumi haqida gapirgan har bir odam bu ish orqasida amerikaliklar turganiga 200 foiz ishonchi komil edi. Referendum bo'lib o'tdi va amerikaliklar kurdlardan yuz o'girdi. Bu esa muloqotga yo'l ochadi. Shunisi ma'lumki, amerikaliklar hozir mustaqil kurd davlati bo'lishini istamayapti", - deydi u.
Bundan ruhlangan Anqara Vashingtonni Suriyadagi kurd jangchilarini qo'llashni ham to'xtatishga undamoqda. Anqaraga ko'ra, bu ayirmachi guruh Turkiyadagi kurd terrorchilari bilan aloqaga ega.
O'zelning aytishicha, tarix hozir Turkiya tomonida.
"Suriya kurdlari boshiga shunday kunlar keladimi? Bu million dollarlik savol. Genri Kissenjerning 1975-yildagi gaplari yodimga tushadi. O'shanda u xalqaro aloqalar xayr-ehson ishi emas, degan edi. Suriya kurdlariga nisbatan ham shunday mavqeda bo'lishadimi? Turklar buni istashi tabiiy", - deydi ekspert.
O'tgan asrning 70-yillarida AQSh Davlat kotibi Genri Kissinjer Eron va Iroq kelishuvi ortidan Bag'dodga qarshi kurashayotgan kurd isyonchilariga harbiy yordamni to'xtatgan edi. Tahlilchilarga ko'ra, shundan beri ayrim kurdlarda Vashingtonning ishonchli hamkor ekani yuzasidan xavotirlar bor.
Ammo turkiyalik yana bir ekspert Haldun Solmazturkning aytishicha, mintaqadagi bugungi vaziyat Suriya kurdlari uchun ancha xayrixoh.
"Yaqin Sharq, ayniqsa, Iroq va Suriya hozir amerikaliklar va rossiyaliklar uchun asosiy jang maydoniga aylangan. Xuddi shaxmat o'yinidek. Kurdlar bu o'yinning muhim ishtirokchilari. Har ikki tomon ular bilan do'stona munosabatda bo'lishga urinadi. Demak, amerikaliklar ham, rossiyaliklar ham kurdlardan yuz o'girmaydi", - deydi u.
AQSh ayni paytda Suriya kurdlarini "Islomiy davlat" jangarilariga qarshi kurashda eng muhim kuch sifatida ko'radi. Ammo Vashington uchun NATO a'zosi bo'lgan Turkiya bilan aloqalarni yaxshilash ham muhim.
Turkiya Bosh vaziri Binali Yildirim ayni kunlarda rasmiy safar bilan AQShda bo'lib turibdi. Uchrashuvlarda u Suriya kurdlariga AQSh yordamini to'xtatish masalasini yana bir bor ko'tarishi kutilyapti.