AQSh kurd isyonchilariga harbiy yordamni kamaytirmoqchi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Oq uyning aytishicha, "Islomiy davlat" to'dasi yengilishi ortidan AQSh mahalliy jangchilarni qurollantirishni kamaytiradi. Bu haqdagi yangilik ilk bor Turkiyadan chiqdi. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovusho'g'lining aytishicha, AQSh Prezidenti Donald Tramp Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdog'an bilan telefon orqali suhbatda kurd isyonchilarini qurollantirishni to'xtatishga va'da bergan.

Prezident Tramp terrorchi to'dani mahalliy isyonchilar qo'li bilan daf etishini aytgan edi. "Islomiy davlat" e'lon qilgan "xalifalik" jismonan yo'q bo'lish arafasida ekan, AQSh mahalliy jangchilarni qurol-yarog' bilan ta'minlashni sekinlashtiradi, dedi Oq uy so'zlovchisi.

"IShIDga qarshi g'alaba qozonishni boshlashimiz bilan ayrim guruhlarga yordamni kamaytirish rejamizda bor edi. O'zini xalifalik deb atagan to'dani jismonan mahf etayotgan ekanmiz, harbiy aslaha berishni to'xtatish fursati ham keldi. Lekin bu barcha yordam birdaniga to'xtatiladi, degani emas", - dedi Oq uy matbuot kotibi Sara Sanders.

Oq uy Turkiya prezidentiga va'da berilgan yoki berilmaganini hali tasdiqlagani yo'q. Lekin Anqara Prezident Tramp qaroridan mamnun ekanini yashirmayapti.

"Janob Tramp Turkiya uchun nima muhim ekanini tushundi. Boshidan Turkiyaning siyosati Daishga qarshi kurash ekani aniq edi. Agar Daishga qarshi kurashishni istasangiz, to'g'ri hamkor tanlashingiz kerak. Terror tashkilotini boshqa bir terror tashkiloti bilan yo'q qila olmaysiz", - dedi Turkiya Bosh vaziri Yildirim Binali.

Anqara Suriyadagi kurd isyonchilarini Turkiyadagi taqiqlangan Kurdiston ishchilar partiyasiga aloqador terrorchi guruh deb biladi. AQSh esa Suriya kurdlarini "Islomiy davlat"ga qarshi eng samarali hamkor sifatida ko'rib kelgan.

Suriyadagi kurd rasmiylari AQShning bu borada siyosati o'zgarganini inkor etdi.

"Turkiya tomonidan qilingan bayonotni noaniq va noto'g'ri deb bilamiz. Suriya demokratik kuchlari bilan aloqalar bo'yicha Amerika siyosatida hech qanday o'zgarish bo'lgani yo'q. Avtonom demokratik Kurd ma'muriyati, shimoliy Suriyadagi federal yetakchilar hamda demokratik Suriya kengashi bilan siyosiy aloqalar ham davom etyapti", - dedi Suriya kurdlari vakili Abdul Karim Umar.

Oddiy kurd aholisi esa xavotirda.

"Amerika manfaatlariga to'g'ri kelmay qolsa, ular kurdlarga barcha yordamni to'xtatib, bu yerda diktatorlar zulmi ostida yashagan mazlumlarni o'z holiga tashlab qo'yadi. AQShning shimoliy Suriyadagi siyosati shunday", - deydi mahalliy fuqarolardan biri.

AQShning Suriyadagi kurdlar bilan hamkorligi kelajagi qanday bo'lishi hali aniq emas. Tramp ma'muriyati bu haqda ma'lumot bergani yo'q.