Dovuto'g'li Vashingtonda Suriya, Eron, kurdlar va Tog'li Qorabog'ni muhokama qildi

  • Amerika Ovozi

Turkiya tashqi ishlar vaziri Ahmat Dovuto'g'li (chapda) va AQSh davlat kotibi Jon Kerri Nyu-Yorkdagi uchrashuvi paytida tushirilgan surat, 23-sentabr, 2013-yil

Turkiya tashqi ishlar vaziri Ahmat Dovuto’g’li Vashingtonda bo’lib, AQSh davlat kotibi Jon Kerri bilan uchrashdi. Kerriga ko’ra, ikki davlat munosabatlari mustahkam.

“Xoh Suriya, xoh Eron, xoh Yaqin Sharq tinchligi yoki NATO kelajagi bo’lsin, AQSh va Turkiya mushtarak strategik maqsadlarga ega”, dedi Kerri.

Tomonlar Suriya mojarosiga barham berish zarurati haqida gapirdi.

AQSh va Turkiya u yerdagi qon to’kilishlarini to’xtatish uchun, suriyalik jabrdiydalarga yordam berish uchun, hukumat va muxolifatni muzokara stoliga keltirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga soladi, dedi Dovuto’g’li.

Uning nazarida Turkiya ikki tahdid bilan yuzlashmoqda. Birinchisi, Bashar Assad rejimi, ikkinchisi esa Suriyada harakat qilayotgan ekstremistik guruhlar.

Shu sababdan mojaroga imkon qadar tez yechim topish lozim, dedi Turkiya tashqi ishlar vaziri.

Kerriga ko’ra, Qo’shma Shtatlar Turkiyada jon saqlayotgan 600 ming suriyalik qochqinga yordam ko’rsatish maqsadida qo’shimcha 96 million dollar ajratgan.

Vazirlar Eron, kurdlar va Tog’li Qorabog’ masalalarida ham gaplashgan.

Ahmat Dovuto'g'li, shuningdek, Pentagonda AQSh mudofaa vaziri Chak Xeygel bilan uchrashib, AQShning raketa hujumiga qarshi "Patriot" mudofaa batareyalarini Turkiyaga yetkazishga kelishib olgan. Turkiya Suriyaning ehtimoliy hujumidan tashvishda ekan, "Patriot" raketalari chegaraga o'rnatilib, NATO tomonidan nazorat qilinadi va boshqariladi.