O'zbekiston-AQSh aloqalarida huquq faktori va bugungi pragmatizm

Prezident Barak Obama O'zbekiston rahbari Islom Karimov bilan hali biror marta ko'rishmagan. AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton 2010 va 2011-yilda Toshkentga safar qilib, Karimov bilan muloqot qilganida huquq masalasini ko'targan

Amerika siyosiy doiralarida O’zbekiston haqida gap ketganida, inson huquqlari masalasi eng ko’p tilga olinadi. Vashington Afg’oniston yuzasidan ketayotgan hamkorlikdan mamnun, ammo demokratik islohotlar va erkinlik targ’iboti ham davom etadi, deydi AQSh Davlat kotibi muovini Robert Bleyk (Robert Blake).


Obama ma’muriyati, deydi u, O’zbekistondagi vaziyatga ko’z yummaydi va huquq bilan bog’liq ahvolni yaqindan kuzatib kelmoqda.

Lekin “Human Rights Watch”, Nyu-Yorkda asoslangan xalqaro tashkilot nazarida Amerika O’zbekiston xalqi manfaatini emas, asosan o’zining qisqa muddatli foydasini o’ylab ish tutmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh-O'zbekiston aloqalarida huquq faktori, amerikalik tahlilchi Joshua Foust bilan suhbat, Navbahor Imamova lavhasi



O'zbekiston-AQSh aloqalarida huquq faktori va bugungi pragmatizm

Islom Karimov avtoritar siyosatini davom ettirmoqda, O’zbekiston hukumati xalqaro qonunlarni buzishda davom etmoqda, majburiyatlarini bajarmayapti, deya tanqid qiladi “Human Rights Watch”.

O’zbekiston xalqi dardini ochiq ayta olmaydi, so’z va matbuot erkinligi cheklangan, muxolifat va siyosatni savolga tutgan shaxslar tuzumga qarshi jinoyatlarda ayblanib, panjara ortiga tashlanmoqda, deya qayd etadi tashkilot o’zining so’nggi hisobotida.

Joshua Foust, Amerika Xavfsizlik Loyihasi (American Security Project) degan tashkilotda faoliyat yuritadi

O’zbekiston-Amerika aloqalarini tahlil qilib kelayotgan mutaxassislardan biri Joshua Foust o’tkir bloglari, internet-sharhlari bilan tanilgan. Registan.net saytida yozgan maqolasida “Human Rights Watch” ning O’zbekistonga nisbatan pozitsiyasini tanqid qiladi. Bu tashkilot hisobotlari vaziyatni yaxshilash uchun xizmat qilmayapti deb hisoblaydi.

AQSh O'zbekistonda inson huquqlari muntazam ravishda poymol etiladi deya yordamni cheklab qo'ygan edi. Lekin Afg'oniston yuzasidan hamkorlik qilishga majburligi bois yaqindan beri cheklangan miqdorda harbiy ko'mak ko'rsata boshladi. Qurol-yarog' emas, faq

“Bu nozik masala… Chunki “Human Rights Watch” huquq buzilishi hollari, erkinlik qanchalik toptalayotgani haqida batafsil ma’lumot to’playdi. Bu bebaho xizmat. Ammo O’zbekiston hukumati siyosati o’zgarmayapti. Samara ko’rmayapmiz. Ayniqsa, “Human Rights Watch”ning hozirgi pozitsiyasiga qarab, ular biror narsaga erisha oladi deyish qiyin. Chunki tashkilot, nazarimda, juda tor doirada fikrlamoqda. Ular O’zbekiston-Amerika aloqalari ortidagi omillarni kengroq tahlil qilishi kerak. Siyosatchilarimiz hozir asosiy diqqatini Afg’onistonga qaratayotgan bo’lishi mumkin, ammo qo’shinlar u yerdan chiqqach aloqalar davom etadi va boshqa jiddiy masalalalarni muhokama qilish uchun imkoniyat bo’ladi”.

Amerikaning hozirgi yondashuvi shundan iboratki, bir sohadagi hamkorlik boshqa sohada ishlash uchun eshikni kengroq ochadi, yangi imkoniyatlar yaratadi. “Human Rights Watch” kabilar mana shu haqiqatni anglab yetishi kerak, deydi rasmiylar. Huquq tashkiloti o’z bayonot va hisobotlarida bu omilni tan oladi, lekin O’zbekistonga nisbatan strategiyada inson huquqlari va erkinlik eng birinchi o’rinda turishi kerak deb hisoblaydi.

Joshua Foust nazarida Toshkent-Vashington orasidagi bugungi muntazam muloqot – o’tgan 2-3 yilda erishilgan jiddiy yutuq. 2005-yilda Andijondagi fojia ketidan aloqa qanchalik sovuqlashgani, ikki davlat hatto umuman gaplashmay qo’ygan damlar bo’lganini unutmaslik kerak, deydi u. Aloqa uzilsa, hech narsaga erisha olmaysiz. O’zgarish bo’lishi uchun muloqotni yo’lga qo’yishga majbursiz, deydi u.

O'zbekiston-AQSh aloqalarida huquq faktori va bugungi pragmatizm

“Men huquq himoyachilarining va oddiy odamlarning qanchalik ezilayotganini tushunaman, bu masalaga qancha ko’p diqqat qaratsak arziydi. Lekin hozir Amerika gaplashishdan boshqa yana nima qilib berishi mumkin? Vaziyatni bir lahzada o’zgartira olmaysiz. Progress bo’lishi uchun unga avvalo zamin hozirlash kerak. O’zbekiston bilan ishlash juda qiyin. Bu hukumat hozir Amerikaga kerak ekanini yaxshi biladi va bu imkoniyatdan foydalanishga urinmoqda. Islom Karimov hokimiyatda qolishi uchun Amerika yordamiga muhtoj emas”,- deydi Foust.

Amerika O’zbekiston rahbariyatiga nisbatan biror ta’sir o’tkazish vositasiga egami? Rasmiylar hamkorlik kengayishi bilan ta’sir richaglari ham kuchayadi deya javob beradi. Joshua Foust ham shu fikrda.

O’zbekistonga qaytish va u yerda ishlash umidida yurgan xalqaro tashkilotlar talay. “Human Rights Watch” ulardan biri xolos. Davlat departamenti bu borada yordam berishga harakat qilmoqda va O’zbekiston hukumati bilan muzokara qilayapti. Bu ochiq haqiqat”,- deydi u.

Tahlilchi deydiki, Vashington diplomatiyaga tayanib to’g’ri qilmoqda; do’q-po’pisa, ogohlantirish, bosim ish bermaydi. Islom Karimov va uning o’jar ma’muriyati o’zgarishga moyil bo’lganida, allaqachon o’zgargan bo’lar edi, deya fikrlaydi Joshua Foust.

Robert Bleyk, AQSh Davlat kotibi muovini

Aytish joiz, Vashingtonda bu kabi qarashlar tez-tez quloqqa chalinadi. Uzoq muddatda ijobiy o’zgarishlar bo’lishi uchun harakat qilgan ma’qul, vaziyat hozir naqadar og’ir bo’lmasin, Karimov hukumatidan mo’jiza kutmang, deydi siyosatdonlar, hatto Amerika hozirgiga qaraganda qattiqroq yo’l tutgan taqdirda ham.

Yana bir haqiqat, deydi ular, O’zbekiston strategik jihatdan muhim mamlakat, madaniy va boshqa sohalarda katta qiziqish uyg’otadigan jamiyat bo’lishiga qaramay, Amerika uchun hech qachon prioritet bo’lmagan va kelajakda bo’lishi kutilmayapti ham. Siyosiy va moliyaviy e’tibor shunga yarasha.

O’zbekiston siyosiy doiralarida keng tarqalgan fikrlardan biri shuki, Amerika bu xalq va uning mentalitetini tushunmaydi, bu jamiyat qanchalik murakkab, tarixiy-ijtimoiy jihatdan o’zgacha bir muhit ekanini anglamaydi.

“Amerikadagi har bir siyosatchi yoki mutaxassis O’zbekistonni ipidan ignasigacha bilmasligi tabiiy. Shaxsan men ham O’zbekistonni har tomonlama bilaman deya olmayman. Lekin zarur masalalarni tahlil qila olamiz va tushunamiz. Tegishli odamlar bu mamlakat haqida yetarlicha tasavvurga ega”, - deydi Joshua Foust.

O'zbekiston-AQSh aloqalarida huquq faktori va bugungi pragmatizm

“Ko’pchilik amerikaliklar O’zbekiston haqida bilmaydi… Liviya va Muammar Qaddafiyni bilishadi, Saudiya Arabistoni, Iroq va Afg’onistonni bilishadi. O’zbekistonni bizga yaxshi tanitadigan “olamshumul” sabablar yo’q… Lekin, albatta, bu mamlakat bilan shug’ullanadigan siyosatchilar, ulardan maslahat oladigan olimlar va tashkilotlar bor. Kengroq olib qaraydigan bo’lsak, O’zbekiston Amerika xavfsizligiga tahdid solayotgan davlat emas. Xususiy sektorda ham qiziqish katta emas. Amerika kompaniyalarini o’ziga jalb etadigan miqdorda neft, gaz yoki mineral boyliklarga ham ega emas”, - deya tushuntiradi Joshua Foust.

Har bir xalq o’zi uchun qayg’uradi va o’z istiqboli yo’lida harakat qiladi.

Yetakchi diplomat Robert Bleykning aytishicha, O’zbekiston barqaror, farovon va demokratik jamiyat bo’lishidan Amerika va unga hamkor davlatlar birdek manfaatdor.

AQSh-O’zbekiston aloqalari asosan Afg’oniston sabab jadallashgan bo’lsa-da, bundan xursand bo’layotgan faollar, huquqbonlar juda ko’p”, - deydi Joshua Foust. “Human Rights Watch” singari tashkilotlar jamoatchilik fikrini chuqurroq o’rganib, vaziyatga pragmatik yondashishi kerak, deydi tahlilchi.