AQSh–O'zbekiston aloqalari nima hisobiga jadallashmoqda?

AQSh–O'zbekiston aloqalari nima hisobiga jadallashmoqda?

AQSh Davlat kotibi birinchi o'rinbosari Jeyms Staynberg Markaziy Osiyo safarini davom ettirib, bugun Bishkekda Qirg’iziston rahbariyati bilan uchrashgan.

Matbuot xodimlari bilan gaplashar ekan, Staynberg "Qirg’iziston janubidagi xunrezliklar bo’yicha xalqaro tekshiruv o’tkazilishi kerak",- deya qayd etgan.

Staynberg kecha Toshkentda O’zbekiston rasmiylari bilan uchrashganda ham aynan Qirg’izistondagi vaziyatni muhokama qilgan edi.

AQSh delegatsiyasi O'zbekistonda fuqarolik jamiyati a'zolari bilan ham muloqot o'tkazgan. Faollar aloqalar rivoji huquq ahvolining yaxshilanishi yo'lida hissa qo'shadi degan umidda.

Oq Uyda Markaziy Osiyo bilan aloqalarga mas'ul rasmiylardan biri Maykl Makfol ham Toshkentda bo'lib, Surat Ikromov kabi huquq himoyachilari bilan suhbatlashgan.

Prezident Islom Karimov bilan uchrashuvda Amerika diplomatlari serqirra hamkorlik haqida so'z ochgan. Nafaqat Afg'onistonda tinchlik o'rnatish yo'lida birga ishlash balki O'zbekistonda turli sohalarni taraqqiy ettirishda AQSh qanday yordam ko'rsatishi mumkinligi haqida so'z ketgan.

Muzokarada Qirg'izistondagi vaziyatni barqarorlashtirish yuzasidan ham fikr almashilgan.

AQSh rasmiylari bilan muloqot qilgan huquq faollari fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasida aniq qadamlar qo'yiladi deya kutmoqda.

“So'nggi paytda kelayotgan delegatsiyalar ancha umidli ko'rinishadi, – deydi deydi “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati vakili Abdurahmon Tashanov. – Biz avval muzokaralar o`tgan taqdirda ham biror bir natijalar bo`lmaganini ko`p kuzatganmiz. Hozirgi kelayotgan delegatsiyalar, nazarimda, O`zbekiston hukumatidan inson huquqlari bilan bog'liq vaziyatni yaxshilash haqida aniq bir va'dalar olishgan ko`rinadi. Lekin baribir, va'da bu va'da, aniq vaziyatni esa vaqt ko'rsatadi”.

AQSh–O'zbekiston orasidagi bugungi aloqalari asosan Afg'onistondagi vaziyat va xavfsizlikni ta'minlash masalalariga borib taqaladi.

O`tgan yili munosabatlarni yanada rivojlantirishga qaratilgan yangi hujjat qabul qilingan. Unda iqtisodiy hamkorlik va demokratik islohotlarni qo'llab-quvvatlash kabi mavzular tilga olinadi. Yillik muloqot yo'lga qo'yilgan. Navbatdagi yig'ilish Toshkentda o'tishi belgilangan.

O'zbekiston AQShda sarmoya so'rab keladi. Amerika rasmiylari va biznes doiralari esa investitsiya olib kirish uchun zarur sharoit mavjud emasligini ta'kidlaydi.

Yaqinda O'zbekistonning Vashingtondagi elchixonasida o'tgan biznes forumda AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Robert Bleyk tadbirkorlar uchun imkoniyatlar yaratish muhim vazifa ekanini aytib o'tgan.