AQSh qamoqxonalarida mahbuslarning taqriban 8 foizi urush faxriylari. Ayrim hollarda ruhiy jarohatlar tufayli panjara ortiga tushgan insonlar. Ular uchun maxsus dasturlar bor.
Nyu-York shtati poytaxti Olbani shahar qamoqxonasida sobiq harbiylar boshqa mahbuslardan alohida saqlanadi. Qamoqqa tushgan soldatlarga shu tariqa yordam berishyapti.
“O’g’il-qizlarimizni chet ellarga urushlarga yuboramiz. Ba’zida ruhiy xastalik bilan yoki narkotiklarga ruju qo’yib qaytishadi. Ularga yordam beramiz degan maqsadda tartibni sal o’zgartirdik”, - deydi sheriff Kreyg Eppl.
AQSh bo’ylab 80 qamoqxona urush veteranlariga ana shunday imtiyozlar beradi. Ayrim dasturlar aynan harbiylar uchun tuzilgan. Kunlik terapiya, ruhshunoslar bilan uchrashuvlar ham taklif qilinadi.
“Odam kun bo’yi o’y-xayollar bilan o’tirmaydi. Mening boshimdan o’tgani boshqaning ham boshidan o’tgan. Hammamiz urushda bo’lganmiz, xizmat qilganmiz. Bir-birimizni tushunamiz”, - deydi mahbuslardan biri Jeyms Gibson.
Sobiq mahbus Tommi Xartman bunday dasturlar borligidan mamnun. Qamoqxonaga hamon kelib turadi.
“Menga oldinga qadam tashlashim uchun imkon berishdi. Ozodlikka chiqib, ko’chada sarson bo’lishim mumkin edi”, - deydi u.
Norasmiy statistik ma’lumotlarga ko’ra, programma samara berayapti. Qamoqdagi maxsus dasturlarda qatnashgan veteranlarning atigi olti foizi qayta jinoyat sodir etgan. Vaholanki, mamlakat bo’ylab ozodlikka chiqqanlarning 40 foizi qamoqqa qaytadi.