Bundan bir yil oldin Qo’shma Shtatlar “Islomiy davlat” radikal guruhiga qarshi harbiy operatsiya boshlagan edi. Bu guruh Iroq va Suriyada bosib olgan va boshqarayotgan hududlarda 10 million aholi yashaydi.
Your browser doesn’t support HTML5
Xalqaro koalitsiya tuzilganidan beri nima o’zgardi? “Islomiy davlat” yengilyaptimi?
Bir yil oldin qochqinlar lageridagi manzara…
“Oilalar, bolalar va ayollar halok bo’layapti. Qo’limizda biror yegulik yo’q”, - deydi kurd ayol.
Bunday nidolar hamda “Islomiy davlat” Iroq shaharlariga kirib borayotgani aks etgan tasvirlar AQShni chora ko’rishga undagan edi.
Prezident Obama o’shanda terrorchilar kolonnasini nishonga olishni buyurgan.
2014-yilning avgustidan buyon koalitsiya samolyotlari “Islomiy davlat”ning Iroq va Suriyadagi manzillariga qariyb olti ming marta zarba bergan.
Bu mamlakatlarda ham ayrim qurolli guruhlar, xususan, kurd jangchilari koalitsiyaga yordam berayapti. Shuningdek, AQSh Iroq armiyasiga ko’makni oshirgan.
Biroq “Islomiy davlat” chekinyapti deb bo’lmaydi. Iroqda ayrim hududlarni boy berib, boshqa joylarni qo’lga kiritgan.
“Har qanday harbiy operatsiyada yutuq va kamchiliklar bo’lishi tabiiy. Buni Iroqning Ramadi shahri va Suriyada ko’rib turibmiz”, - deydi Obama.
Ayrimlar fikricha, strategiya noto’g’ri.
“Samolyotlarimiz Suriya va Iroqda istagan mo’ljalni tezda ura oladi, lekin “Islomiy davlat” guruhi yangi a’zolarni yollashda davom etayapti”, - deydi tahlilchi Kris Harmer.
Rasmiylar bergan ma’lumotga ko’ra, shu kungacha havo hujumlarida 15 ming jangari o’lgan yoki yaralangan. Ammo “Islomiy davlat” 30 ming a’zo to’plashga qodir.
Sharhlovchi David Gartensteynga ko’ra, targ’ibot ishlarida hech bir guruh “Islomiy davlat”ga tenglasha olgani yo’q. Ular propagandaga usta, yutuqlarini bo’rttirib, nuqsonlarni kamaytirib ko’rsatishadi.
Ayrimlar fikricha, “Islomiy davlat” vahshiylik va zo’ravonlikni bayroq qilgani sabab oxir-oqibat o’z boshini yeydi. Professor Maks Abrams:
“Ular ommaga ko’rsatayotgan kallakesarlik va qonxo’rlik guruhning o’ziga ziyon. Uning safiga qo’shilayotganlar kamayib boraveradi”.
Iroqning Irbil shahri yaqinidagi qochqinlar lagerida jihodchilarga la’natlar aytishmoqda.
“Oramizda faqat bolalar shod, chunki nima bo’layotganini bilishmaydi”, - deydi iroqlik ayol.
Havo hujumlari boshlanganidan bir yil o’tgan bo’lsa ham, AQSh va ittifoqchilar “Islomiy davlat”ga qarshi kurashda salmoqli natijaga erisha olgani yo’q.