O’zbekiston paxta dalalaridagi vaziyat, bu yilgi fojialar

O’zbekiston hukumati o’quvchilar paxta terimiga majburan olib chiqilmaydi deya bong urayotgan paytda, Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida bir talaba militsiya tomonidan kaltaklanib o’ldirilgani yuzasidan tergov olib borilmoqda.

Faollarning aytishicha, bu yilgi paxta mavsumida tazyiq va bosimlar yanada kuchaygan.

Your browser doesn’t support HTML5

O'zbekiston paxta dalalaridagi vaziyat/Malik Mansur


Bu yil maktab o’quvchilari ishtirokisiz o’tayotgan paxta kampaniyasi nazorati to’liq huquq-tartibot organlari zimmasiga yuklangan. Davlat organlariga berilgan bu vakolat paxta terimida tazyiq va qiynoqlarni yanada kuchaytirgan.

Shahrisabzda terimdan ertaroq qaytgan 18 yoshli yigitning militsiya tomonidan ayovsiz kaltaklanishi va halok bo’lishi huquq-tartibot xodimlariga berilgan vakolat bilan bog’liq ko’riladi.

Qashqadaryolik faollardan birining aytishicha, “18 yoshli Navro’z Ismoilov ismli yigit paxta terimidan biroz ertaroq qaytgani uchun militsiya tomonidan ayovsiz kaltaklangan. Ismoilovni janozasi huquq-tartibot organlarining keskin nazorati ostida o’tgan. “

Unga ko’ra, Qashqadaryoning boshqa bir tumanida kunlik rejani bajara olmagani uchun tunda paxta terishga majbur qilingan terimchining ham tazyiq ostida halok bo’lgani haqida gap-so’zlar bor.

Biroq viloyat bo’ylab joriy etilgan keskin nazorat, aholiga ko’rsatilayotgan ayovsiz bosimlar tufayli bu faktlarni aniqlash bir qadar xatarli ko’rinadi.

Faollarga ko’ra, bu yilgi terim bosim va tazyiqlarni har qachongidan ko’ra oshishi bilan kuzatilgan. Paxta terimiga chiqishni istamagan hasharchilar uchun keskin jazo choralari belgilangan.

Ayrim tumanlarda odamlardan o’z xohishiga ko’ra paxta terimiga chiqayotgani, terimga chiqmagan taqdirda javobgarlikka tortilishi mumkinligi haqida tushuntirish xatlari yozib olinmoqda. Bu xatlar huquq-tartibot organlari qo’lidagi qo’shimcha tazyiq vositasiga aylangani ta’kidlanadi.

Paxta kampaniyasi bilan bog’liq vaziyat shu darajaga borganki, hatto viloyat markazlarida ham hayot to’xtagan, hamma yoqda militsiya nazorati, deydi faollardan yana biri.

Inson huquqlari faollariga nisbatan ham bosim kuchaygani seziladi. Aholi orasida majburiy mehnat haqida tushuntirish o’tkazgan faollardan biri 15 kunlik qamoq jazosiga hukm qilingan.
Har yili O’zbekistonda paxta kampaniyasi mavsumi mamlakatda inson huquqlarining ommaviy toptalish davri sifatida e’tirof etiladi.
Har yili O’zbekistonda paxta kampaniyasi mavsumi mamlakatda inson huquqlarining ommaviy toptalish davri sifatida e’tirof etiladi. Bu yilgi kampaniya o’quvchilar mehnatisiz o’tayotgan bo’lsada, nisbatan keskinlashgani bilan kuzatiladi.

Xalqaro Mehnat Tashkiloti O’zbekistonda terim paytida monitoring o’tkazish zarurligini ta’kidlab keladi. Ammo hukumat bunday monitoring o’tkazilishiga rozilik bermaydi.

O’quvchilar ishtirokisiz o’tayotgan bu yilgi terimni AQShda joylashgan Cotton Campaign tashkiloti vakillari kuzatishgani haqida ma’lumotlar bor.

Tashkilot saytidagi bayonotda O’zbekistondagi majburiy mehnatga chek qo’yish uchun AQSh, Yevropa Ittifoqi davlatlarining bu boradagi keskin pozitsiyasi zarurligi ta’kidlanadi.