Bahorgi dala ishlari arafasida Qirg'iziston xususiy firmalari O’zbekistondan mineral o’g’itlar tashib kelishga kirishdi. Bundan tashqari Davlat xomashyo rezervlari jamg’armasi qo’shni o’lkada 40 ming tonna o’g’it sotib olishi ko’zda tutilmoqda.
Parlament majlisida chiqish qilgan bosh vazir muovini Muhammetqaliy Abulg’aziyevga ko’ra, Toshkent bu yil qo’shnilar uchun imtiyozli narx o’rnatishga tayyor. Natijada qirg’izistonlik dehqonlar uchun bir tonna mineral o’g'it o’tgan yilgiga nisbatan taxminan 23 foiz arzon tushishi ehtimol.
Mineral o’g’itlar ta’minoti masalasida hamkorlik shu paytgacha ikki mamlakat iqtisodiy aloqalarining asosiy yo’nalishlaridan biri bo’lib kelgan.
Keyingi oylarda o’zaro savdo-sotiqning boshqa jabhalarida ham jonlanish sezilmoqda. Ayni paytda O’zbekistonda ishlab chiqarilgan ayrim mahsulotlar Qirg’iziston orqali Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi bozoriga kirayotgani aytilmoqda.
O’shlik iqtisodchi Erkin Abdirazakovning aytishicha, bir necha yildirki, fermer xo’jaliklarini mineral o’g’itlar bilan ta’minlash masalasida hukumat qo’shni O’zbekiston bilan aloqalarni yo’lga qo’ygan. Rasmiylar bu yil ham o’simliklarni oziqlantirish masalasida qiyinchilik bo’lmasligini aytmoqda.
Suhbatdoshga ko’ra, chegaradan o’tkazish tartibi biroz yumshashi ortidan o’zbek dehqonlari hamda tadbirkorlari o’z mahsulotlarini Qirg’iziston bozorlariga chiqara boshladi. Bu tomondan esa ko’proq chorvachilik mahsulotlari, oliy navli guruch va ayrim sanoat mollari olib o’tilmoqda. O’sh yaqinidagi mashhur Qorasuv ulgurji bozorida o’zbekistonlik savdogarlar ko’paya boshlagani qayd etilyapti.
Ma’lumki, Qirg’iziston Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi a’zosi va ushbu uyushma doirasida tegishli imtiyozlarga ega. Bunday imkoniyatdan foydalangan mahalliy tadbirkorlar O’zbekistonda ishlab chiqarilgan mollarni Rossiya va boshqa ittifoqdosh o’lkalarga qayta eksport qilishni yo’lga qo’yayotgani haqida xabarlar bor.
“Tadbirkorlarimiz yaqinda Toshkentda o’tadigan yarmarkaga tayyorgarlik ko’rmoqda. Tadbir ikki o’lka hukumat delegatsiyalari uchrashuvi ortidan o’tishi kutilmoqda. Tomonlar imkoniyatlarni o’rganadi. O’ylaymanki, shartnomalar tuziladi’, - deydi Janubiy Qirg’zistonda yaqinda ish boshlagan Qirg’iz-O’zbek Savdo uyining mas’ul xodimi Abduboqi Tolipov.
Uningcha, O’zbekistonda ishlab chiqarilayotgan qator sanoat tovarlariga Qirg’izistonda yaxshigina talab mavjud. O’z navbatida, o’zbek firmalari qurilish materiallari, ko’mir, ayrim qishloq xo’jaligi mahsulotlariga qiziqish bildirmoqda.