So’nggi xabarlarga ko’ra, Qirg’iziston Adliya vazirligi yangi tashkil etilgan Qirg’iz-O’zbek Savdo Uyini xatlovdan o’tkazdi. Tahlilchilar O'zbekistonda hokimiyat o’zgarishi ortidan qo’shni o’lkalar bilan aloqalarda jonlanish kuzatilayotganiga e’tibor qaratmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Aytish joiz, shu paytgacha qirg’iz-o'zbek qo’shma korxonalari barmoq bilan sanarli bo’lib, keyingi yillarda ularning faoliyati keskin sustlashgan, deyarli to’xtab qolgan edi.
“Amerika Ovozi” yangi korxona tashkilotchilaridan biri, O’sh viloyatidagi “Fuqarolar tashabbuslarini qo’llab-quvvatlash markazi” deb atalmish nodavlat uyushmaning mas’ul xodimi Abduboqi Tolipovning fikr-mulohazalariga quloq tutdi.
“O’zbekistonda ro’y berayotgan o’zgarishlardan odamlar ko’p yaxshi narsalar kutmoqda. Ko’pchilik chegaralar ochilib, an’anaviy bordi-keldi tiklanishini istaydi. Qo’shma korxonalar ochila boshlaganining o’zikatta yutuq, deb o’ylayman. Bu ikki davlat iqtisodiy aloqalari rivojiga turtki bo’ladi. Mazkur korxonalar ham davlat xazinasiga foyda keltiradi. Ham dehqonu-sanoatchiga, ham tadbirkorga yetishtirilgan, tayyorlanganmahsulotni qayta ishlash, xorijga olib chiqish imkoni tug’iladi”, - deydi Abduboqi Tolipov.
Qirg’iz-O’zbek Savdo Uyi ikki mamlakatda ishlab chiqarilayotgan tovarlarni nafaqat O’zbekiston va Qirg’iziston, balki Qirg’iziston a’zo bo’lmish Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi o’lkalariga yetkazib berishni rejalashtirmoqda.
“Aytaylik, O’zbekiston bozorida bizning olma, kartoshka, chorva mahsulotlarimiz, ko’mirimizga talab bor. U tomondan to’qimachilik mahsulotlari, mebel, elektr texnikasi, qurilish materiallari, aytim neft mahsulotlari - masalan, yo'lsozlikda zarur bo’lmish bitum olib kelamiz. O’zbekiston mahsulotlari hozirda sifat jihatidan yaxshi baholanmoqda”, - deydi Tolipov.
Mahalliy mutaxassislar ishonadiki, iqtisodiy aloqalarning rivojlanishi siyosiy jabhada hamkorlikning taraqqiyotiga salmoqli hissa qo’shadi.
“Yaqinda Andijonda o’tgan ikki o’lkaning chegaradosh viloyatlari vakillarining uchrashuvlari turli sohalarda aloqalar rivojiga xizmat qiladi, deb o’ylayman. Mintaqamizda tadbirkorlar forumlari o’tkazilsa, ular bir-birlari bilan tig’iz muloqotda bo’lsalar, iqtisod ham olg’a bosadi”, - deydi Abduboqi Tolipov.
Uningcha, iqtisodiy aloqalarni tiklash va rivojlantirish uchun ikki tomon davlat tizimlari tegishli qonunlarni takomillashtirishlari, tadbirkor va xo’jalik subyektlari uchun yengilliklarni ko’zda tutishlari darkor.
Shuningdek, chegaradan mahalliy o’tkazish maskanlari orqali ham tovar yuklash imkoni bo’lsa yaxshi edi, deydi suhbatdosh.
Ma’lumki, O’zbekistonning muvaqqat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisdagi chiqishida qo’shni mamlakatlar bilan aloqalarni rivojlantirish ustuvor yo’nalishligini ta’kidlagan.
Qirg’izistonlik tahlilchilar fikricha, rasmiy Toshkent prezident saylovlaridan keyin jiddiy amaliy qadamlar qo’ya boshlashini kutish mumkin.