O’zbekiston Oliy Sudi "Human Rights Watch" huquq tashkiloti vakolatxonasini yopish masalasini muhokama qilishda davom etarkan, xalqaro tashkilot O’sh qirg’inining bir yilligi oldidan o’z hisobotini e’lon qildi.
Unda asosiy jabrdiydalar o’zbeklar ekani qayd etilib, qirg’indan keyin aynan ular tazyiq va tahqirga uchrayotgani haqida gap ketadi.
O’zbekiston Oliy Sudi bu xalqaro tashkilot yuzasidan qanday qaror chiqaradi, hozircha noma’lum, biroq hukm qanday bo’lishidan qat’iy nazar u "Human Rights Watch" mavqeiga ham, hisobotlariga ham ta’sir qilmaydi.
Qolaversa, qirg’in yuzasidan tomonlarning bahosida oz bo’lsa-da, yaqinlik bor. Afsus yaqinlik shu bilan tugaydi, ayniqsa gap O’zbekistondagi voqelik, inson huquqlari va fuqarolik jamiyati haqida ketganda.
O’zbekiston prezidenti demokratik islohotlarni chuqurlashtirish haqida maxsus konsepsiya tanishtirganiga yarim yildan oshdi. Konsepsiya fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, hozirgacha kuzatilayotgan madhiyabozlikka chek qo’yib, yangi bosqichga ko’tariluvchi harakat bo’lishi kerak edi.
Biroq hozircha biror o'zgarishdan darak yo'q. Xorijda yuzaga kelgan harakat esa vatanda ekstremistlar va terrorchilarga chiqarildi.
O'zbekiston Xalq Harakati mamlakat ichidagi jimlikni bir qadar buzdi. O’zbekiston televideniyesida chiqish qilgan andijonliklar, bu harakat a’zolarining ota-onalari va yaqinlari ularni bu “noma’qul” yo’lidan qaytishga undadi.
Matbuotda, odatda mutlaqo eslanmaydigan Andijon fojialari haqida maqolalar paydo bo’ldi. O’zbekiston hukumatiga o’zining muxolifligini e’lon qilgan tashkilotlar borligi yodga olindi.
Bu chiqishlaru maqolalar jamoatchilik orasida o'ziga xos munozaraga turtki berdi. Kimning kimligi, nimaning nimaligi haqida muhokama boshlandi. Bu O'zbekistonda kam kuzatiladigan hodisa.
Fuqarolik jamiyatining shakillanishi esa aynan haqiqiy ma’nodagi muhokamadan boshlanadi, shunday emasmi? Agar albatta bunga imkoniyat berilsa va fuqarolarning tanlash huquqidan xavotir qilinmasa.
Aziz o'quvchi, siz qanday fikrdasiz?