Olis yo’qsil yurtlarda yetim-yesirning boshini silayotgan o’zbek talabasi

Elatlararo qirg’inni ko’rib, odamning dili xun bo’ladi, samimiylik, odamiylikni qo’msaydi. Yaxshilik qilish uchun urush, nizoni kutib o’tirishga hojat yo’q ekanini tushuna boshlaydi.

Buning uchun mol-dunyo ham kerakmas. Otashin qalb, pok istak va kuch-g’ayrat bo’lsa bas. Millat, din, irq, til, ko’z shakli kabi tushunchalardan ustun mehr-oqibat bo’lsa kifoya.

G’arbiy Afrika… Nigeriya poytaxti Abujaning chekka, ovloq qismida pastqam, oxuri to’kilgan yetimxonani tasavvur qiling. Atrofda murg’ak bolakaylar… Ust-boshi xarobu ko’zlari beg’ubor.

Hafta sayin ko’payib boradi ular, ko’pining ota-onasi bor, ammo boqa olmay berib yuborgan, deydi Nargiza Kayger, Abujada yarim yildan oshiq yashab, bolalarga bog’lanib qolgan o’zbekistonlik talaba qiz, yetimxonani tasvirlar ekan.

Yetimxona bahorda yangi binoga ko’chgan. Endi o’quv xonasi ham bor – yangi yasalgan parta, stullar, doska degandek. Bu jihozlarni bor qilgan Nargiza va uning do’st-birodarlari, hamfikr kishilar.

O’zbekistonlik bu qiz Afrikaga insonparvarlik loyihalari bilan shug’ullanuvchi turmush o’rtog’i Brayan Kaygerga hamroh bo’lib borgan. Turmush ziddiyatlarga bor – yo’qsillik ko’zga tashlanadi-yu, lekin hayot qimmat, narx-navo baland - ikki xonali kvartirada bir oylik ijara haqi 3 ming dollar atrofida, deydi Nargiza.

Bir kun, qish oxirida yaqin tanishlar bilan poytaxt Abujaning chekkasida Gishiri qishlog’idagi yetimxonaga yo’li tushib qoladi.

“Avtobusda borgan edik, bolalar uyiga. Hali u yerga yetmay turib, avtobusning orqasidan rosa yugurishdi bolakaylar. Kelib bizni quchoqlab, xuddi eng yaqin, yillab bir-birimizni tanigan odamlarday. Vaholanki, meni hech kim tanimaydi bolalardan. Binoning ichiga kirganimizdan keyin ahvolni ko’rdim. Jihozlar kam, kiyimi xarob, lekin negadir hammasi juda xursand edi. Yangi binoni ko’rsatishdi bizga. Bolalar dars qilishi uchun alohida xona bormi deb so’rasam, yo’q, buning uchun jihozni qayerdan olamiz, deyishdi”, - deydi Nargiza.

Mana shu damda Nargiza bolalar uyida o’quv xonasi ochish kerak degan xulosaga keladi va tanishlar orqali buning uddasidan chiqish yo’llarini izlay boshlaydi. Shu yerlik hunarmand-duradgorlar bilan gaplashib, chamalab ko’rsa, stol-stul uchun taxminan 925 dollar kerak ekan.

“Abujada mahalliy cherkov va nodavlat tashkilotlar eshigini qoqdim, lekin ular qiziqishmadi. Fikr fevralda tug'ilgan bo'lsa, martgacha - bir oyda zo’rg’a 100 dollar jamladim”.

Nihoyat turmush o’rtog’i bilan maslahat qilib, internet orqali tanishlar bilan bog’landi. Barcha do’stlar, birodarlarga loyihani tushuntirib, “har biringiz 21 dollar va 83 sentdan jo’natsangiz, taxminan 900 dollar yig’amiz. Gishiri qishlog’ida bolalar uyida o’quv xonasi ochamiz”, dedi.

“Ishlar tezlashib ketdi. Taxminan bir oyda, aprelgacha o’zimiz kutganidan ziyoda – 2807 dollar to’pladik. Bu loyihada jonbozlik ko’rsatgan har bir odamdan minnatdormiz”, -deydi Nargiza.

Tashabbus olg’a siljib, jihozlar yasaldi ham, o’quv xonasi ishga tushdi ham. Jihozni yasagan nigeriyalik usta. Endi ortib qolgan pulni biror hayrli ishga sarflashmoqchi.

Ikki-uchta yaxshi fikr bor. Yetimxonani toza ichimlik suvi bilan ta’minlash yoki mahalliy maktabni o’quv mebeli bilan ta’minlash. Shu bolalar uyining o’zida, maktab ham joylashgan. 15-20 bola o’qiydi, lekin stol-stul bo’lmagani uchun ba’zida tikka turib yoki yerga o’tirib dars qilishadi, deydi Nargiza.

“Hali bunday ish qilib ko’rmagan edim. Birinchi loyiham. Albatta qiyinchliklar bo’ldi, lekin o’zim uchun muhim bir saboq deb bildim buni”.

Nargiza hozir xalqaro va regional muammolar sohasini o’rganmoqda. Dunyoni kezsamu har bir shaharda kichkina o’quv xonasi yoki kutubxona ochsam, deb orzu qiladi u. Xohish va mehribon odamlar bo’lsa bas.