Muddati o`tgan pasport bilan Qirg`izistondan Istanbul orqali Ukrainaning Lvov shahriga uchib kelgan o`zbekistonlik ikki nafar qochqin Ukrainaga kiritilmayapti. Ukraina chegara xizmati fuqarolik pasporti muddati o`tgani bois ularni mamlakatdan deportatsiya qilmoqchi.
Your browser doesn’t support HTML5
O`zini Bo`riboy deb tanishtirgan toshkentlik yigit O`zbekistondan to`rt yil avval o`g`li bilan birga qochib chiqqan.
So`nggi 4 yil davomida u Qirg`izistonda BMT Qo`mitasi tomonidan qochqinlik maqomi berilishini kutib yashagan. Oxirgi paytlarda u o`zi atrofida kuzatuv kuchayganini his etgan va maxsus xizmatlar tahdididan qo`rqib Qirg`izistonni tark etishga qaror qilgan.
27-sentabr kuni O`sh - Istanbul - Lvov yo`nashlishi bo`yicha Ukrainaga uchib kelgan Bo`riboy va uning o`g`li fuqarolik pasporti muddati o`tganligi sababidan ukrain chegara xizmati tomonidan aeroportda ushlangan.
Ukraina chegarachilari Bo`rivoyni Istanbulga qaytarib yuborishga harakat qilishgan, ammo qochqinlar qarshiligini ko`rgan ekipaj ularni uchoqqa qabul qilishni istamagan.
Qochqinlar O`zbekistonga yoki Turkiyaga qaytarilishi mumkin. Ukraina tomoni fuqarolik pasporti muddati o`tgani bois qochqinlarni ortga qaytarmoqchi. Bo`riboyga ko`ra, samolyotda uning pasporti muddati o`tganiga ahamiyat qaratishmagan.
Bo`riboy va uning o`g`li BMT qochqinlar Qo`mitasining Bishkekdagi vakolatxonasi tomonidan vaqtincha boshpana qidirayotgan shaxs sifatida ro`yxatga olingan, lekin ukrainaliklar bu hujjatni inobatga olmagan.
Aeroportdagi qochqinlar ahvolidan xabardor bo`lib turgan Lvovdagi bir o`zbekistonlikka ko`ra, Ukraina migratsiya xizmati ham vaziyatga aralasha boshlagan, ular himoyasi uchun advokat tayinlangan.
“BMT qochqinlar Qo`mitasi vakolatxonasidan telefon qilishdi. Advokat bilan uchrashdim, menga qog`ozlarning hamasini berdi. Hozir aeroportda kutib o`tiribman, agar chegara xizmatidan chiqishsa, ularga berishim kerak. Ular bu hujjatlarni olganidan keyin, hech kimning haqqi yo`q majburan deportatsiya qilishga. Kecha esa zo`rlab samolyotga tiqishgan, Turkiyaning uchuvchisi ularni olishdan qo`rqqani bois jo'natilmay qolgan. Hozir aeroportda ushlab turishibdi, bilmadim nima bo`ladi”, - deydi u.
Norvegiyada yashayotgan o`zbekistonlik dissident yozuvchi Safar Bekjon aeroportda qolayotgan o`zbek qochqinini yaxshi bilishini aytadi. Unga ko`ra, Bo`riboy O`zbekistonda muntazam maxsus xizmatlar nazoratida bo`lgan, so`roqqa chaqirilgan. Shundan so`ng O`zbekistondan chiqib ketishga majbur bo`lgan.
“Hozircha ularning ismini aytmayman, chunki aeroportda o`gir ahvolda turishibdi, O`zbekistonga qaytarilishi mumkin. U yerda esa ularni tazyiqlar kutib turibdi, hatto o`ldirib yuborilishi ham mumkin. Ular bizga ichkaridan ma`lumot berib turgan, korrupsion sxemalarni yaxshi biladigan odamlar. Men inson huquqlari tashkilotlaridan, jamoatchilikdan ularga ko`mak ko`rsatishni iltimos qilaman”, - deydi Safar Bekjon.
Lvovdagi o`zbek ham boshpana izlayotgan qochqin. Uning aytishiga qaraganda, Qirg`izistondagi o`zbekistonlik qochqinlar og`ir vaziyatda.
“O`zbekiston fuqarosining hayoti O`zbekiston davlati uchun biror bir qadrga ega bo`lmagandan keyin, boshqa joyda u qanday qadrlanadi? Ular uchun biz hech kim emas. Qachonki O`zbekistonning diktatori o`z xalqining qadrini himoya qilib gapirmas ekan, boshqa davlat ularni hurmat qilmaydi. Bosimlar esa har tomondan, bu ba'zan ko`rinmasligi ham mumkin, aynan maxsus xizmatlar uyushtirayotgani”, - deydi u.
Ayni paytda Lvovdagi xalqaro aeroportda qolayotgan o`zbek qo`chqini Qirg`iziston militsiyasi tomonidan ham noqonuniy diniy guruhlarga aloqadorlikda gumonlanib bir necha bor so`roq qilinganini aytgan.
BMT Qochqinlar qo`mitasining Kiyevdagi vakolatxonasi “Amerika ovozi”ga ma'lumot berib, Lvovdagi aeroportda o`zbekistonlik qochqinlar hujjatlaridagi muammo bois to`xtatilganini tasdiqladi. Hozir vaziyatni aniqlashtirish bo`yicha ish ketyapti, deya xabar berdi vakolatxona vakili.