O’shdagi o’zbek akademik drama teatri 95 yoshda

Bobur teatri, O'sh

Qirg’izistonda Bobur nomli O’sh davlat o'zbek akademik drama teatrining 95 yilligi yaqinda tantana bilan nishonlandi. Salkam bir asr davomida ushbu san’at dargohi sahnasida jahon klassikasi hamda qirg’iz va o’zbek adabiyoti asosida 600 asar qo’yilgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Qirg’izistondagi o’zbek teatri 95 yoshda/Muhiddin Zarif

Qirg’izistoh xalq artisti Oytojixon Shobdonova bu teatrda 52 yildan buyon ijod qilib keladi. U kuylamagan kunning o’zi yo’q.

“Teatr - mening hayotim mazmuni, muqaddas dargoh. 17 yoshimda sahnaga chiqdim, shu joyda baxtimni topdim”, - deydi san’atkor.

Teatr direktori, Qirg’iziston xalq artisti Baxtiyorjon To’xtamatov ta’biricha, O’sh o’zbek teatri ikki qardosh xalqni, madaniyatlarni bog’lovchi do’stlik ko’prigidir.

Aytish joizki, Qirg’iziston san’at ahli uchun ham tomoshabinni jalb qilish va moliya masalalari asosiy muammo. Ayni paytda o’sish, rivojlanish uchun ijodiy aloqalar alohida ahamiyat kasb etadi.

“Ijodiy jamoa o’z qobig’i, o’z qo’rasi ichida qolib ketsa uning kelajagi bo’lmaydi. Afsuski, keyingi yillarda O’zbekiston bilan madaniy aloqalar susayib qoldi. Ammo bu vaqtinchalik ko’rinish deb o’ylayman. Vaqti kelib, hammasi joyiga tushadi. Tojikiston, Turkmanistonda safarlarda bo’ldik. Teatrimiz 1934, 1984-yillarda Leningrad, hozirgi Sankt-Peterburgda tomoshalar ko’rsatgan edi. O’sha safarlarni takrorlamoqchimiz. Bu hammasi ijodiy o’shishga xizmat qiladi”, - deydi teatr rahbari.

Qo’shni O’zbekiston bilan aloqalarga kelsak, yaqinda bir necha o’shlik yosh san’atkor uchun Toshkent teatr-rassomchilik oliygohida malaka oshirish imkoniyati tug’ildi.

Mahalliy mutaxassislarning aytishicha, Qirg’izistonda teatr san’ati rivoji uchun shart-sharoit yomon emas.

“Erkin faoliyat yuritish mumkin, repertkom kabi nazorat organi yo’q. Albatta, bu degani bo’lar-bo’lmas narsani sahnaga olib chiqish emas. Teatrda o’zgarish jarayoni bo’lishi kerak, ayniqsa, rejissura sohasida. Teatrlar o’rtasida sog’lom raqobat taraqqiyot garovi”, - deydi Baxtiyorjon To’xtamatov.

Qalamkash Lutfullo Rahmonovning aytishicha, dolzarb masalalardan biri - yoshlarni madaniyat va san’at o’quv yurtlariga jalb qilish. Ko’p hollarda yangi avlodni san’atga yo’naltirish, maxsus ta’lim tizimini rivojlantirish harajat masalasiga borib taqaladi.

Xalq artisti Oytojixon Shobdonova deydiki, so’nggi yillarda aholi orasida madaniyat va san’atga qiziqish susayishining sabablaridan biri turli diniy oqimlarning teskari targ’ibot-tashviqotidir.

“Ashula harom, musiqa harom, teatrga bormang, to’ylarda kuy chalinmasin, qo’shiqchi bo’lmasin, deyayotgan da’vatchilar ko’payib ketdi. Yoshlarni gangitib, chalg’itishyapti. Nima uchun? Chunki yoshlar savodsiz qolsa, dunyoviy ilmlardan uzoqlashsa ularni boshqarish oson bo’ladi, buyurtmachilar xohlagan ishlarini qilaveradi”, - deydi Shobdonova.

San’atkor ayrim xonadonlarda farzandlar tarbiyasida “o’qib nima qilasan, pul topishni o’rgansang kifoya” qabilida ish ko’rilayotganidan tashvishda. Oytojixon Shobdonova fikricha, bu ma’naviy qashshoqlikka yetaklaydi.

Deyarli 100 yil muqaddam Qirg’izistonning birinchi teatri oldida ommani ma’rifat-madaniyatga chorlash vazifasi turgan edi. “Asr o’tib, yana o’sha vazifa turibdi. Harakat darkor”, deya xulosa qiladi suhbatdosh.