O'zbek ayolining bugungi kuni, Toshkentdan sharh

O’zbekiston xotin-qizlari hayoti haqida gap ketganda, asosan, qadriyatlar tilga olinadi. Islom dinida va umuman o’zbek madaniyatida ayollar yuqori o’ringa qo’yiladi, chunonchi ular dunyo beshigini tebratadi degan gaplarni eshitamiz. Ammo real hayotda, bugungi O’zbekistonda xotin-qizlar qanday yashamoqda?

Shu savol bilan yetuk mutaxassis, keksa arxitektor, Toshkentda bir paytlar Ayollar Resurs markazi degan nohukumat tashkilotini boshqargan, xotin-qizlar va gender masalalari xususida bir necha kitob va maqolalar muallifi Marfua To’xtaxo’jayevaga murojaat qildik.

Your browser doesn’t support HTML5

O'zbek ayolining bugungi kuni - Marfua To'xtaxo'jayeva/Navbahor Imamova


Internet va ayniqsa ommabop ijtimoiy tarmoqlar so’z va fikr erkinligi cheklangan jamiyatlar uchun ayni muddao. Siyosiy qarashlarini ochiq bildira olmasa-da, odamlar ijtimoiy mavzularni ko’pincha jon deb muhokama qiladi. Boshqalarning qarashlarini qabul qilish qiyin, chunki jamiyat o’zaro fikr almashishga o’rganmagan. Ammo internet sizni qaysidir jihatdan bunga majburlaydi. Birovning fikrini hurmat qilmasangiz, sizning fikringiz ham bir tiyin.

So’nggi hisoblarga ko’ra, 160 mingdan oshiq o’zbekistonlik kirib-chiqadigan “Facebook”da yaqinda bir yigit “O’zbek qizining miyasi” degan sarlavha ostida bir karikatura qo’ydi. Unda qizlar tabiatan kaltafahm, jiddiy fikrlashga qodir bo’lmagan, yengiltabiat va qobiliyatsiz inson sifatida tasvirlanadi. Qizig’i, o’nlab yigitlar orasida hatto ayrim qizlar ham uni darrov ma’qullab, bu haqiqat deya maqtay boshladi. Ba’zilar, jumladan kamina, bu karikatura - ayollarni kamsitish, ahmoqlik, deya ta’rif berdi. Karikaturani qo’ygan Jamic Kalandarov degan shaxs menga “Navbahor Imamova, siz shunday yaratilgansiz” deya uqtirishga urindi ham. “Facebook” bunday diskriminatsiyaga yo’l bermaydi va yuqoridagi gap darrov olib tashlandi. Agar bir ahmoq erkak butun boshli ayol zotini haqoratlasa, u bilan tenglashish qiyin emas. Butun erkak zoti ham shunday kaltafahm, noqobil, foydasiz bir inson deya uning miyasini chizib, ommabop saytlarga osib qo’yish mumkin.

Marfua To’xtaxo’jayeva bunday holatlardan hayron emas. Afsuski, O’zbekiston gender, jinsiy tenglik bobida ancha orqaga ketgan, deydi ekspert.

“O’tgan 20 yil ichida patriarxal dunyoqarash ancha rivojlandi. Ayollar baribir erkaklardan past degan fikr yanada keng tarqaldi. Yoshi katta ayollar talab qilishadiki, “mana biz erimizga qarab yashadik, siz ham shunday qilishingiz kerak”. Yosh kelin olish shu bilan bog’liq. Yosh novda tez egiladi deyishadi… Sovet davrida institutni tamomlab keyin turmushga chiqishar edi. Hozir litseyni tamomlashi bilan qizlarni uzatishga shoshishadi. Qolib ketadi deb qo’rqishadi”.

O’zbekistonda, shubhasiz, kuchli, har tomonlama yetuk, tog’ni tolqon qilishga qodir xotin-qizlar ko’p. Ilm va matonat, mehnat va zehn bobida ular erkaklar bilan nafaqat tenglasha oladi, balki orqada qoldirishga ham qodir. Ammo ularning safi ozayib bormoqda, chunki xotin-qizlarni ilmli qilish hozir ayniqsa qiyin, deydi Marfua To’xtaxo’jayeva.

“Kundalik hayot oddiy o’zbek ayoli uchun mashaqqatli… Maktab to’qqiz yil, keyin litsey yoki kollej. Agar institutga kirsa, bu hammasi juda katta pul talab qiladi. Qizlarning ko’pi litseyga boradi, lekin institutda o’qish qiyin, qimmat. Mablag’ esa nafaqat ma’lumot uchun balki to’y, qizning sepi uchun ham kerak. Orzu-havas degan narsa bizda avjiga chiqqan. Hukumat uni cheklashga harakat qilsa ham bo’lmayapti. Orzu-havas – milliy qadriyat... Bir ishdan topilgan mablag’ yetmaydi. Shuning uchun ko’plab ayollarimiz bugun chet ellarda, Rossiya, Turkiya, Qozog’iston va boshqa joylarda yuribdi. U yerlarda esa asosan qora ish. Yaxshiroq ish uchun ruxsatnoma olish kerak. Bu esa juda qiyin. Shuncha mashaqqat bilan topilgan pul bir kunlik to’y uchun sarflanadi”.

Sog’liq juda nozik masala, deydi Marfua To’xtaxo’jayeva. Oila, onalik, jinsiy sog’liq… Ayollar manfaati uchun kurashadigan, ularni himoya qiladigan tashkilotlar bor, ammo ko’pchilikning ularga qo’li yetmaydi, deydi mutaxassis.

“Qizlarni juda erta erga berishayapti. Yosh onalar esa na o’ziga, na bolasiga qarashni eplay olishi mumkin… Reproduktiv sog’liq yaxshi emas. Buning uchun mablag’ kerak. Tibbiy xizmat – katta pul. Sog’liqni saqlash, tibbiy xizmat bepul deyishadi, tuman klinika va kasalxonalari bor. Lekin “yaxshi” xizmat uchun to’lashga majbursiz. Xususiy klinikalar, masalan, surunkali kasalliklarga qarash uchun yoki stomatologiya, bular bir dunyo pul. Keyin, oldin bizda ko’p dorilar mahalliy mahsulot edi va arzon bo’lardi. Hozir hammasi chetdan keladi va narxi ancha baland”.

Erkakmi ayol, kun ko’rish hozir hech kimga oson emas. Ta’lim olishdan tortib, ishli bo’lishgacha. O’zbekistonda tabaqalanish avjida. Iqtisodiy-ijtimoiy tafovut kun sayin kengayib bormoqda.

“Faol ayollar asosan ishlaydigan ayollar. Biznesmi yoki hukumatda kattaroq lavozimdagi ishmi, kimdir orqasida bo’lishi kerak. Qandaydir katta oiladan bo’lishingiz kerak yoki “podderjka” degan narsa kerak. Sovet vaqtida ham shunday edi. Mablag’ kerak. Tadbirkorlik qilaman degan ayol ham yo eri, aka-ukasi yoki kuchli tanishlar orqali biznes boshlashi mumkin. Oddiy ayol uchun sharoit juda qiyin”.

Ham oila, ham ishni eplayotgan, moliyaviy jihatdan mustaqil ayollar ko’p. Biroq jamiyatda ko’zga ko’rinmas to’siqlar ham ko’paygan. Ayol qanchalik zehnli va uddaburo bo’lmasin, biznes yoki biror ishga qo’l urib, muvaffaqiyat qozonishi uchun unga kuchli tanish-bilish, quvvatlov kerak, deydi Marfua To’xtaxo’jayeva.

Mutaxassis deydiki, O’zbekistonda qo’shni davlatlarda bo’lgani singari islomni ro’kach qilgan holda qo’shxotinlik keng tarqalmoqda. Qonunan man etilsa-da, minglab erkaklar bir necha oilaga ega. Buning uchun jazoga tortilayotgani yo’q. Xo’sh, islomiy nikoh ayolga qanday kafolat beradi? Ulamolar nima deyishidan qat’i nazar, davlatdan ro’yxatdan o’tmagan oila qonuniy oila emas. Bu degani ayollar huquqsiz, himoyasiz. Ko’plab xotinlar gap qonun va huquq emas, tirikchilikda deydi. Ular davlat himoyasiga umid qilmaydi. Qonuniy erimdan nima ko’rdim, deya fikrlaydiganlar ko’p. Menga qarasa, bolamga otalik qilsa, boqsa bas, deydi ular.

Marfua To'xtaxo'jayeva - xotin-qizlar hayoti haqida bir necha kitoblar va ilmiy maqolalar muallifi

“Mahallalarda yordam beriladi, ammo yolg’iz qolgan ayollar u yerga borishga ham uyalishadi. Chunki ularga yomon ko’z bilan qarashadi, ayb o’zingda degandek”.

Chet elga ishga chiqib, vatandagi oilani boqish millionlab fuqarolar uchun asosiy maqsad ekan, deydi Marfua To’xtaxo’jayeva, jamiyatdagi me’yorlar va dinamika ham o’zgarib boraveradi. Bu esa nafaqat ayollar, balki erkaklar hayotini ham birdek o’zgartiradi, o’ziga xos salbiy ta’sirini ko’rsatadi.

Jinsiy tenglik, inson borki uni kamsitmaslik kerak degan o’git oilaviy tarbiya va ilmga borib taqaladi. O’z onasi, opasi va singlisini e’zozlagan, unga to’laqonli inson sifatida qaragan erkak boshqa ayollarni ham hurmat qiladi. Qizlar tarbiyasida ham o’ziga nisbatan ishonch, g’urur va mas’uliyatga urg’u berish kerak, deydi gender masalalari bo’yicha mutaxassislar.

Aks holda “men zaifman” degan tushuncha ayol miyasiga shu qadar chuqur o’rnashib oladiki, bu kamchilikni ba’zida oliy ta’lim ham tuzata olmaydi. Jamiyatda muhim rol o’ynay olamiz desak, biz avvalo o’zimizga, o’z salohiyatimizga tayanishimiz kerak, deydi Marfua To'xtaxo'jayeva.

Ayollar va jamiyat