O’zbekistondagi so’nggi hibslar sovet davridagi qatag’onlarni yodga solmoqda. O’tgan hafta uch blogerning hibsga olinishi ortidan, 2-sentabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda faol bo’lgan yana bir kishi Miraziz Ahmedov ushlangan.
Your browser doesn’t support HTML5
Bu faollar hibs qilinishiga O’zbekistonda yagona maktab formasi tasdiqlanishi ortidan ijtimoiy tarmoqlarda boshlangan munozaralar sababchi, deb ko’rilmoqda. Blogerlar ushlanishi jamoatchilikda, matbuotda muhokama qilinmoqda, ammo hozircha vaziyat yuzasidan biror rasmiy izoh yo'q.
Miraziz Ahmedov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida “Meni chaqirishyapti militsiyaga. Duo qilib turinglar”, degan yozuvlarni qoldirgan. U ichki ishlar boshqarmasida qolmoqda, ayni paytda uning qarindoshlari advokat yollash harakatida.
Miraziz Ahmedov - so’nggi haftada ijtimoiy tarmoqdagi faolligi uchun hibsga olingan to’rtinchi bloger. Sal oldin Adham Olimov, Ziyovuddin Rahim va Otabek Usmonov hibs qilingan, uylarida tintuv o’tkazilgan edi.
Bu ijtimoiy tarmoqda keskin munozara qo’zg’agan, ular zudlik bilan ozod qilinishi talab qilingan petitsiya imzolanmoqda, muhokamalarga so’nggi paytda o’zbek matbuoti ham qo’shilgani kuzatiladi.
Gazeta.uz, Xabar.uz, Sof.uz kabi nashrlarda blogerlarning hibsga olinishi jamoatchilikda xavotir uyg’otganiga doir chiqishlar paydo bo’lgan. Sof.uz nashri bu hibslar sovet davridagi qatag’onlarni, islohotlar boshlanmasdan avval kuzatilgan noqonuniy usullarni yodga solayotgani haqida maqola chop etgan.
O’z tanqidiy chiqishlari uchun sudga tortilgan taniqli o’zbek blogerlardan biri Abbos Asad deydiki:
“Bu hibslar ortidan mening xayolimga kelgan narsa shu bo’ldiki, Prezident Mirziyoyev ijtimoiy tarmoqdagi munozaralarga e’tiborini susaytirgan, o’qimay qo’ygan, kuzatmayapti yoki yetkazilmayapti. Mulozimlar esa bundan o’zlariga yarasha xulosa chiqarishmoqda”.
Hibslarga O’zbekistonda yagona maktab formasi tasdiqlanishi ortidan boshlangan munozaralar sabab bo’lgani aytilmoqda. Blogerlar ijtimoiy tarmoqda yagona maktab formasi, hijobga doir taklif-mulohazalarini bildirishgan.
Abbos Asadga ko’ra, u bloggerlarning izohlari bilan tanish, birortasini radikal kayfiyatda ayblab bo’lmaydi, tanqidlar ham mo’tadillik chegarasidan chiqmagan.
“Maktab formasi qabul qilinishi, uni hayotga tatbiq etilishi borasida bildirilgan munozaralar. U yerda bu formaga nisbatan musulmonlar pozitsiyasi e’tiborga olinmagani haqida gap boradi, ya’ni nima sababdan muhokamaga qo’yilgan edi agar fikrlar e’tiborga olinmasa, degan savol ko’tarilgan. Masalan, Adham Olimov bu haqda argumentlar bilan yozgan edi, Ziyovuddin Rahimning postlari ham mo’tadil islom chegarasidan chiqmagan. Men ularning chiqishlarida hech qachon biror ashaddiy kayfiyatni sezmaganman, hammasi qonuniy, konstitutsiyaga muvofiq”, - deydi Abbos Asad.
Davlat idoralari hibsni hijob yuzasidan munozaralarga bog’lamagan. Masalan, Adham Olimov (Musannif Adham) hokimiyat organlariga qarshilik ko’rsatgani uchun 15 sutkalik ma’muriy jazoga tortilgan. Ammo uning uyida o’tkazilgan tintuv, musodara sabablari izohsiz qoldirilgan.
Olimovning ukasi Shohruh Olimovga ko’ra, nima sababdan, qanday asoslar bilan tintuv o’tkazilganini hech kim tushuntirmagan, akasini militsiyaga qarshilik ko’rsatgani uchun 15 sutkalik qamoq jazosiga tortilgani ham faqat keyinchalik ma’lum bo’lgan.
“Keyinchalik Olmazor tuman prokuraturasidan akangga ma’muriy qamoq jazosi belgilangan, militsiyaga qarshilik qilgani, hujjatini ko’rsatmagani kabi sabablar uchun, deb aytishdi. U yerda 194-moddani birinchi, ikkinchi qismlari, yana shovqin-suron solish bilan qo’shnilar tinchini buzish haqida gap ketmoqda. Tintuv paytida uydagilarning hammasini mobil telefonlari, kompyuter, disklar, fleshkalar musodara qilingan. Hozir bu buyumlar taqdiri noma’lum, qolaversa,butun boshli odamning o’zini taqdiri nima bo’lishi noma’lum turibdi. Tintuv paytida men uyda yo’q edim, ammo kelganlarni birortasi o’zlarini tanishtirmagan, hujjat ko’rsatmagan, tintuv o’tkazilgani haqidagi akt ham bizga berilmagan”, - deydi Shohruh Olimov.
O’zbekistonda blogerlarning birin-ketin hibsga olinishi jamoatchilikda, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarda kuchli norozilik uyg’otgan. Mirziyoyev nomiga yozilgan petitsiya uchun imzo yig’ish davom etmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5