O'zbekistonda maktablar, universitetlar, chegaralar yopilgan

  • Amerika Ovozi

O'zbekistonda koronavirus bilan kasallangan ilk odam aniqlanishi ketidan hukumat bolalar bog'chasi, maktablar, universitetlarni uch haftaga yopishga hamda barcha ijtimoiy tadbirlarni bekor qilishga qaror qildi.

"O'zbekiston Havo Yo'llari" milliy aviakompaniyasi aprel oxirigacha G'arbiy Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharqqa reyslar to'xtatilishi haqida ma'lum qilgan. Xususan Fransiya, Ispaniya, Britaniyaga parvozlar bekor qilingan, olti mamlakat Eron, Ispaniya, Fransiya, Janubiy Koreya, Xitoy va Italiya fuqarolariga O'zbekistonga kirish taqiqlangan.

Koronavirusga chalingan odamning Parijda bo'lib qaytgani aytilmoqda. Shu samolyotda Toshkentga uchgan 150 odam karantinda hozir.

Qo'shni Qozog'istonda sakkiz odam koronavirus yuqtirgan. Mamlakatda favqulodda holat e'lon qilingan. O'zbekiston-Qozog'iston chegarasi yopilgani ma'lum.