Qrim-tatarlar lideri O'zbekiston yordamidan umidvor

Your browser doesn’t support HTML5

Qrim-tatar Milliy Majlisi raisi Refat Chubarov

Qrim-tatar Milliy Majlisi raisi Refat Chubarovning aytishicha, O'zbekiston Prezidenti Islom Karimov davlat siyosatida ancha mustaqil arbob, ammo respublika qrim-tatarlarga nisbatan munosabatda Moskvaga qaram.

Your browser doesn’t support HTML5

O'zbekistondagi qrim-tatarlar hukumat madadiga muhtoj - Malik Mansur

Milliy Majlis hisobicha, O'zbekistonda qairyb 100 ming qrim-tatarlar yashaydi. Qrim Rossiyaga qo'shib olingach ularning ona vatanga qaytish harakatlari yanada qiyinlashdi.

“Islom Karimovning ayrim siyosiy qarorlari Moskva diktatiga, bosimiga mutlaqo bog'liq emas. Ammo qrim-tatarlar masalasiga kelganda Moskva nima desa, shu. Chunki Moskva O'zbekistondagi qrim-tatarlarning Rossiyaga qarshi chiqishlarini, o'z noroziliklarini bildirishlarini istamaydi. Albatta, bu ko'proq inson haqlariga bog'liq masala. Ammo qrim-tatarlarga nisbatan munosabatda o'zgarishlar kuzatilsa, biz uchun bu ancha yaxshi bo'lar edi. Chunki biz O'zbekistonda 2014-2015-yillarda ham 18-may kunidagi xotirlash marosimini o'tkazish uchun ancha qiyinchiliklar ko'rdik”, - deydi Refat Chubarov.

Milliy Majlis raisining aytishicha, qrim-tatar xalqi surgun davri xo'rliklari sovet tuzumidan, ko'rilgan yaxshiliklar esa o'zbek xalqi tomonidan ekanini biladi. Bugungi davrga kelib tatarlar o'z madaniyati, tili, urf-odatlarini saqlash, xotira tadbirlarni emin-erkin o'tkazishda oz bo'lsa-da hokimiyat, davlat dastagi bo'lishidan mamnun bo'lardi.

“Din bo'yicha bir muammo yo'q, ammo tilimiz, urf-odatimiz va boshqa tadbirlar uchun oz bo'lsa-da davlat yordam bersa, xursand bo'lar edik. Chunki biz ko'p narsani boshdan kechirdik, tariximiz qorishiq… Kim nima desa desin, ammo qrim-tatarlar O'zbekistonga surgun qilinar ekan, butun jinoyatlar davlat tuzumi tomonidan qilindi. Yordam esa o'sha og'ir paytda oddiy xalq, o'zbek millati tomonidan ko'rsatildi. Qrim-tatarlar surgun yillarini, ayniqsa 40-60-yillarni xotirlar ekan, bu davrdagi barcha qabohatlar davlat, kommunistlar tomonidan qilinganini, muruvvat o'zbek millati tomonidan ko'rsatilganini juda yaxshi bilishadi, buni iliq xotirlashadi”, - deydi Chubarov.

Qrim Rossiya tomonidan ishg'ol qilinar ekan, tarixiy vataniga ko'chish istagida yurgan qrim-tatarlar uchun to'siqlar ko'paygan. Yaqinda, Rossiya Dumasida surgun qilingan xalqlarni o'z vataniga qaytish huquqlariga oid hujjat muhokama qilingan.

“Dumada qabul qilinayotgan qonun loyihasiga ko'ra, surgunga tushgan kishilarning bolalari, qarindoshlari o`z tarixiy vatanlariga qaytib kelish uchun Rossiyada vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma olishlari kerak emish. Shundan so'nggina, ma'qul topishsagina, ularning davomli yashashlari uchun ruxsat berishar ekan. Bu surgun etilgan xalq huquqlariga ham, inson haqlariga ham qarshi bir qadam” - deydi Chubarov.

O'zbekistondagi qrim-tatarlar haqida gap ketar ekan, Chubarov Rossiya ommaviy axborot vositalari ta'siri kuchli bo'lgan mintaqada Qrim haqida xolis axborot olish muhim ekanini ta'kidlaydi.

“Albatta, ular voqealarni xolis analiz qilib borishadi degan umiddaman, chunki ulardan har birining biror qarindoshi Qrimda, bevosita voqealarga shohid. Moskva televideniyesidan to'kilayotgan yolg'onlarga hech kim ishonmaydi. O'ylaymanki, Milliy Majlis atrofida yanada jipslashadi. Ishonaman, Qrim ozod bo'ladi va bizga, hammamizga vatanda ko'rishish nasib etadi”, - deydi u.

Yaqinda Ukraina parlamenti qrim-tatarlar deportatsiyasini genotsid deb topish haqida qaror chiqardi. Qrimda ayni paytda kechayotgan tazyiqlar esa etnotsid sifatida baholandi.