O’zbekiston Mudofaa doktrinasini yangiladi. Mamlakat bundan buyon harbiy-siyosiy bloklarga qo’shilmaslik tamoyilidan voz kechishi mumkin. Senat tomonidan ma’qullangan “O’zbekiston mudofaa doktrinasi to’g’risida”gi qonunda hujjat yaqin qo’shnilar bilan aloqalarni mustahkamlashi, xorij davlatlari bilan harbiy-siyosiy munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qilishi belgilangan.
Unda O’zbekistonning asosiy tashqi siyosiy tamoyili bo’lib kelayotgan harbiy siyosiy ittifoqlarga qo’shilmaslik, xorij harbiy bazalarini mamlakatda joylashtirmaslik haqida gap yo’q. Mudofaa doktrinasi qoidalari zamonaviy harbiy-siyosiy vaziyatdan kelib chiqib o’zgartirilishi, to’ldirilishi mumkinligi belgilangan.
“O’zbekiston mudofaa doktrinasi” haqidagi qonun yuzasidan jamoatchilikka taqdim etilgan qisqa xabarda ham, Oliy Majlis Senati 13- yalpi majlis yakuni haqida tarqatgan ma’lumotda ham mamlakat mudofaa doktrinasining asosiy tamoyili bo’lib kelayotgan harbiy siyosiy ittifoqlarga qo’shilmaslik, chet el harbiy bazalarini mamlakat hududida joylashtirmaslik haqida eslatma yo’q.
Ammo O’zbekistonning yangi harbiy doktrinasi ochiq, shaffof bo’lishi, qo’shnilar bilan aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi, chet el davlatlari bilan samarali harbiy-siyosiy hamkorlikni yo’lga qo’yish uchun tashkiliy-huquqiy sharoitlar yaratishi belgilangan.
Shuningdek, qonunga ko'ra, “Harbiy sohada milliy xavfsizlikka tahdidlar ko‘lami o‘zgarishiga, harbiy-siyosiy vaziyat shart-sharoitlariga hamda hozirgi harbiy nizolar xususiyatiga, mamlakat harbiy tuzilmasini rivojlantirish vazifalari va yo‘nalishlariga qarab Mudofaa doktrinasining ayrim qoidalariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlik kiritilishi va to‘ldirilishi mumkin. Bunda harbiy xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi davlat faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti - Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni tomonidan aniqlashtiriladi”.
Oliy Bosh Qo’mondon Shavkat Mirziyoyev harbiy bloklarga qo’shilmaslik haqidagi amaldagi tamoyillardan voz kechishi mumkinmi?
Bu savolga toshkentlik siyosatshunos Farhod Tolipov shunday javob beradi:
“Avvalambor, tashqi siyosat konsepsiyasi bilan mudofaa doktrinasi o’rtasida farq bor. Siyosiy bloklarga qo’shilmaslik O’zbekiston tashqi siyosatida aniq aks etgan. Biroq bu mudofaa doktrinasida qanchalik aks etadi, hozir aniq aytish qiyin. Doktrinaning dunyodagi harbiy-siyosiy vaziyatlardan kelib chiqib o’zgarishlarga yuz tutishi belgilanganligi, bu to’g’ri, chunki biz hozir dunyoda o’ta o’zgaruvchan vaziyatni kuzatayapmiz. Shuning uchun O’zbekiston ham dunyodagi va mintaqadagi vaziyatdan kelib chiqib, o’z harbiy doktrinasini o’zgartirib borishi tabiiy hol”.
O’zbekiston bir necha yil muqaddam Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoq - Kollektiv xavfsizlik shartnomasiga qo’shilgan, keyinchalik esa uni tark etgan, mamlakatni harbiy-siyosiy bloklarga qo’shilmasligi, xorij harbiy bazalariga o’z hududidan joy bermasligi qonunchilik darajasida mustahkamlab qo’yilgan edi.
Siyosatshunoslar ayni paytdagi vaziyatda O’zbekistonni biror harbiy-siyosiy ittifoqqa qo’shilishi uchun zarurat ko’rishmaydi.
“Biror harbiy blokka qo’shilish turli tadqiqotlarga ko’ra o’rganib chiqiladi. Mintaqadagi strategik vaziyat qanday rivojlanmoqda, qaysi davlatlar do’st, qaysilari raqib, bu vaziyat qanchalik o’zgaruvchan. Hozirgi sharoitga ko`ra, mintaqada vaziyat keskinlashib borayapti, deyishga asos yo’q. Afg’oniston tahdidi bor, lekin bu unchalik katta emas. Shuning uchun ham O’zbekiston biror harbiy blokka qo’shilib o’z mudofasini mustahkamlashi maqsadga muvofiq emas, deb hisoblayman. Biz shu paytgacha ham, qanday tahdidlar tug’ilmasin, aynan shu pozitsiyada turib, xavfsizligimizni himoya qilib kelamiz”, - deydi Tolipov.
O’zbekiston harbiy salohiyatda Markaziy Osiyoning yetakchi davlati sanaladi, dunyo miqyosida bir necha yillardirki kuchli elliktalikda qayd etib kelinadi. Xalqaro tashkilotlarning harbiy qudratlar bo`yicha so’nggi hisobotida O’zbekiston 48-o’rinda qayd etilgan.
O’zbekistoning bu ko’rsatkichi mamlakatni 25 yil davomida boshqargan marhum prezident Islom Karimov davriga tegishli. Yangi prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelar ekan, harbiy qudratga doir bir necha bayonotlar qildi, bular ichida eng muhimi mamlakatning o`zida harbiy sanoatni tashkil qilishga doir bayonot deyish mumkin. Harbiy sanoat, asosan, Rossiya bilan hamkorlikda rivojlantirilishi ko’zda tutilmoqda.
O’zbekistonning harbiy hamkorlik bo’yicha sheriklari qatoriga Rossiya, Xitoy, AQShdan tashqari so’nggi paytda Turkiya ham qo’shilmoqda. Mirziyoyevning Anqaraga qilgan tashrifi davomida tomonlar Turkiya mudofaa tizimidagi ayrim harbiy texnikalarni O’zbekistonda hamkorlikda ishlab chiqirishga kelishishgan edi.
20-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoy mudofaa vaziri Chan Vansyuanni qabul qilgan. Ikki tomonlama munosabatlar, habriy hamkorlik muhokama qilingan uchrashuvda Xitoy mudofaa vaziri o’zaro aloqalarni rivojlantirishga hozirlik bildirgan.
O’zbekiston harbiy doktrinasi haqidagi qonun mamlakat Prezidenti tomonidan imzolanishidan so`ng kuchga kiradi.