AQSh Davlat departamenti dunyo bo'ylab inson huquqlari qanday ahvolda ekani haqida yillik hisobotini taqdim etdi. O'zbekiston unda repressiv davlatlardan biri deya qayd etiladi.
Qiynoqlar, matbuot erkinligi bo'g'ilishi, siyosiy huquqlar poymol etilishi, davlat organlarining fuqarolarga tazyiq o'tkazishi O'zbekistonni Shimoliy Koreya, Eron, Sudan kabi mamlakatlar bilan bir qatorda qo'yadi. O'tgan hafta AQSh diplomati Daniel Rozenblum Toshkentda bo'lib, rasmiylar va fuqarolar bilan gaplashgan edi.
Your browser doesn’t support HTML5
Qiynoqlar muntazamligi, ular ortida xavfsizlik idoralari turgani, mamlakat fuqarolari siyosiy huquqlardan, jumladan, erkin saylash imkoniyatidan mahrumligi, so'z erkinligining yo'qligi, fuqarolik jamiyati ustidan keskin nazorat, yig'ilish, ommaviy tadbir o'tkazishga qo'yilgan taqiqlar, qonun ustuvor emasligi, Islom Karimovning konstitutsiyaga zid ravishda to'rtinchi muddatga prezidentlikka saylangani asosiy sabablar sifatida ko'rsatilgan.
Davlat departamenti o'z hisobotida mahbuslar qiynoqqa solinadigan O'zbekiston qamoqxonalaridagi vaziyatga diqqat qaratadi. Mamlakatda e'tiqod erkinligi keskin cheklangan bir vaziyatda qamoqxonalardagi sharoit mahbuslar uchun o'ta xatarli tus olgani, hayot uchun xavf tug'dirayotgani ta'kidlanadi.
Departament har yili turli davlatlaridagi inson huquqlariga oid vaziyatni tahlil qiladi. Ularning tanqidiy xulosasi AQSh-O'zbekiston munosabatlariga u qadar keskin ta'sir qilmayapti, ammo diplomatlar ta'kidlashicha, AQSh inson huquqlariga oid vaziyatga ko'z yuma olmaydi va yummaydi ham.
Yillik muloqotlarda huquq masalasi ham ko'tariladi, biroq biror jiddiy o'zgarish sezilmaydi. Aytish joiz, o'tgan yili AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining mamlakat safar qilganidan keyin siyosiy mahbuslardan biri Murod Jo'rayev ozod etildi.
Hisobot e'lon qilinishidan biroz avval AQShning mintaqa bo'yicha bosh diplomati Daniel Rozenblum Toshkentda Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashgan.
Rozenblum bu safari davomida jihodchilik va “Islomiy davlat”ga aloqadorlik aybi bilan qamalgan jizzaxlik besh nafar fermerlardan Aramias Avakyan va Furqat Jo'rayevning qarindoshlari bilan ham uchrashgan.
Bu ish “Islomiy davlat”ga aloqadorlikda ayblanganlardan biri arman Aramis Avakyanning nasroniy ekanligi bois ham keng muhokamaga sabab bo'ldi.
Huquq faollari, mahkumlarning qarindoshlari ham ayblanuvchilarga nisbatan dahshatli qiynoqlar qo'llangani, jinoiy ish fermerlarning mahalliy hokimiyat bilan ziddiyatga borishi tufayli to'qib chiqarilgani haqida aytishmoqda.
“Suddan sudga bolalarni rosa kaltaklab urishgan, ezishgan. Sudga ularni tayyorlab olib kelishgan, nima deyishsa shuni takrorlab turishni. O`rganib ko`rdik, ular imo-ishora bilan jonimizdan to`ydik, deb aytishayapti. Avakyanning onasi armancha gapiradi, u aytayapti, ukol ham qilishgan”, - deydi “Islomiy davlat”ga aloqadorlik aybi bilan qamalgan Furqat Jo'rayevning onasi Mahtuma Jo'rayeva “Ozodlik” radiosiga bergan intervyusida.
Jizzaxdagi bu ish yuzasidan O'zbekiston televideniyesida yaqinda namoyish qilingan maxsus ko'rsatuvda da'vo qilinishicha, ayblanuvchilar Rossiyada bir qator qotilliklar sodir etgan va “GTA guruhi” nomi bilan tanilgan diniy ekstremistik guruhga ham aloqadordir.
Huquq faollariga ko'ra esa qiynoqlar O'zbekiston tuzumining ajralmas bir qismi bo`lib qolmoqda. Qiynoqlardan nafaqat rejim uchun xavfli muxolif sifatida ko'rilayotgan diniy va siyosiy mahbuslar, balki huquq-tartibot organlari nazariga tushgan oddiy fuqarolar ham xoli emas.
Avvalroq maxsus xizmatlarga pora berishdan bosh tortgan buxorolik tadbirkor Ilhom Ibodov hibsxona qiynoqlardan o'lgani haqida xabar bergan edik. Yaqinda esa ijtimoiy tarmoqlarda o'zbek militsioneri yerda yotgan ayolni boshiga tepkilayotgani tushirilgan videotasvir tarqaldi.
Muxolifatdagi siyosiy faoliyati uchun 17 yillik umrini qamoqxonada o'tkazgan, jazo muassasalaridagi qiynoqlar haqidagi ma'lumotlarni jamoatchilikka oshkor etgan taniqli adib Mamadali Mahmudov “Amerika Ovozi” bilan suhbatda shunday degan edi:
O'zbekistondagi inson huquqlariga oid vaziyat nafaqat AQSh Davlat departamenti, balki boshqa xalqaro inson huquqlari tashkilotlari hisobotida ham ayanchli holat sifatida qayd etiladi.
"Human Rights Watch", “Freedom House”, Xalqaro Amnistiya kabi taniqli huquq tashkilotlari nazarida O'zbekiston qiynoqlar o'lkasi.