Mustaqillik: O’zbekiston xalqi nimalarga erishdi-yu, nimalar orzu bo’lib qolmoqda?

Mustaqillik: O’zbekiston xalqi nimalarga erishdi-yu, nimalar orzu bo’lib qolmoqda?

O’zbekistonda mustaqillikning 20 yilligi bu yil katta tantana bilan nishonlandi.

Hukumat bu davrda misli ko’rilmagan yutuqlar qo’lga kiritilganini gapirayotgan bo’lsa, muxolifat vakillari mustaqillik o’zbek xalqiga ozodlik va farovonlik olib kelmaganini ta’kidlashmoqda.

Prezident Islom Karimov bayram munosabati bilan qilgan chiqishida o’zbek xalqining asriy orzulari ushalgani, xalq o’z hayotidan mamnunligi, demokratiya rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

Muxolifat, fuqarolik jamiyati vakillarida o’tgan 20 yilda boy berilgan imkoniyatlar taassuf uyg’otadi, diktatura tobora mustahkamlanayotgan O’zbekiston kelajagidan xavotir mavjud.

Mustaqillik bayrami xorijdagi o’zbekistonliklar tomonidan turli norozilik aksiyalari o’tkazilishi bilan kuzatildi. Asosiy talab - O’zbekistondagi diktaturani to’xtatish, demokratik islohotlarga yo’l ochishdir.

O’zbekistonning bir necha million aholisi bugun mamlakat tashqarisida, ularning aksariyati mehnat muhojirlaridir. Aholisining katta bir qismi tirikchilik uchun xorij davlatlariga chiqib ketishini ko’pchilik kutmagan.

Muhojirlarning yana bir qismini mamlakatda ta’qib va tazyiqlarga tutilgan dindorlar, fuqarolik jamiyati vakillari bo’lgan siyosiy qochqinlar tashkil etadi. Ularning aytishicha, mustaqillining ilk davrlaridanoq muxolifatga nisbatan boshlangan bosimlarning tobora kuchayib, mutlaq diktatura ko’rinishiga kelishini taxmin qilish mumkin edi.

“Mustaqillik bilan birga ozodlik kelishi kerak edi, lekin bunday bo’lmadi. Shuning uchun O’zbekiston xalqini katta qismi Sovet davri qaytishini ko’proq xohlaydi. Chunki mustaqillik ozodlik olib kelmadi, repressiyalar kuchaydi. 20 yil mobaynida diniy e’tiqod bo’yicha qamalganlar soni 10 mingga yetadi”, - deydi ayni paytda Germaniyada yashayotgan huquq himoyachisi Umida Niyozova.

Mamlakat ichkarisidagi faollardan biri, jurnalist Abdulqosim Mamarasulov mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlarga ko’z yummaslik kerakligini ta’kidlaydi.

“20 yildagi eng katta boyligimiz albatta mustaqillikka erishishimiz, nimalargadir ulgurgandirmiz, nimalarnidir qilolmagandirmiz, kimdir bizdan o’tib ketgandir. Asosiysi, Moskvadan ajradik, hozir ayrim hujjatlar rus tilida qilinayotgandir, lekin hech kim sizni bunga majbur qilmaydi. To’g’ri, qishloq xo’jaligida oqsashlar bor, biroq bu muammolarni hal qilish uchun harakat qilinmoqda”, - deydi u.

Davlat statistika qo’mitasi mustaqillik munosabati bilan chop etgan hisobotida 1990-yildan 2011-yilgacha bo’lgan davrda iqtisod, ijtimoiy hayot, aholi turmushini yaxshilashda erishilgan yutuqlar sanab o’tiladi.

Huquq himoyachisi Ziyodilla Rahimov fikricha mustaqillik davridagi yutuqlar asosan qog’ozda, mavjud muammolar haqida esa odatda gapirilmaydi.

“Erishgan yutuqlarimiz faqat qog’ozda, qonun doirasida, lekin erisholmagan yutuqlarimiz, fuqarolarning chekayotgan aziyatlari, buni sanab oxiriga yetishning imkoni yo’q. Bunga misol tariqasida O’zbekiston agrar mamlakat bo’lsada u yerdagi fuqarolarning, fermerlarning chekayotgan aziyati, masalan voyaga yetmagan yoshlarning ekspluatatsiya qilinishi (paxta dalalarida), yoki oliy ma’lumotli qanchadan qancha kadrlar ishsizlikda chet mamlakatalrga chiqib ketayotganida ko’rishimiz mumkin”, - deydi huquq himoyachisi.

O’zbekiston o’z mustaqilligini rasman 1991-yilda e’lon qildi. Mustaqillik e’lon qilinishida o’sha davrda ancha faol bo’lgan o’zbek muxolifatining o’rni alohida qayd etiladi.

“Mustaqilik e’lon qilinishidan keyingi voqealar tadrijiga qaraydigan bo’lsak, Karimov har ikki kunda Moskvaga chopdi, GKChP (ГКЧП - Государственный комитет по чрезвычайному положению) bo’lgach uni qo’llab chiqdi. O’zbekiston fuqarolari biror erkinlikka erishgani yo’q, ularning erkinligi shu nuqtadan boshlab bo’g’ildi, “Erk“ partiyasi, “Birlik“ harakati tugatildi, ularning gazetalari yopildi“, - deydi bu haqda jurnalist Qudrat Bobojon.

O’z faoliyatini sobiq ittifoq tarkibidagi O’zbekiston Sovet Respublikasiga rahbarlik qilishdan boshlagan Islom Karimov 22 yildan buyon O’zbekiston Respublikasi prezidenti lavozimida qolmoqda.