O'zbekistonda mustaqillik bayrami qanday nishonlandi?

Toshkentda mustaqillik bayrami

O‘zbekistonda mustaqillik tantanalari marhum prezident Islom Karimov xotirasiga qo‘yilgan haykalning ochilish marosimi bilan boshlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi tadbir ilk bor Forumlar saroyida o‘tdi. Chorak asr asosiy qadriyat sifatida ulug‘lab kelingan mustaqillik kuni bu yil biroz kamtarroq tus olgan, ammo 1-sentabrda haqiqiy xalq sayli o‘tishi, hukumat xalqqa osh berishi kutilmoqda.

Karimov xotirasi mustaqillik tantanalarining ajralmas bir qismiga aylanib borsa ajabmas. Bu yil O‘zbekiston mustaqilligining 26 yilligini nishonlash chorak asr amalda bo‘lgan tadbirlardan farqli tarzda kuzatilgan.

Bayram kuni Shahidlar xiyobonini ziyorat qilish, “Mustaqillik” yodgorligiga gulchambar qo‘yish kabi rasmiy marosimlar Karimov davridagi tartibdan o‘zgarmagan.

Prezident Mirziyoyev Forumlar saroyida mustaqillik munosabati bilan rasmiy nutq o'qigan. O'zbekiston xalqini mustaqillik bilan tabriklagan prezident yana bir bor Islom Karimovning mustaqillik tarixidagi ahamiyatiga to`xtab o`tgan.

Toshkent

Tantanalar xalqqa yaqin, deydi manzarani kuzatib turgan ziyolilar.

Adabiyotshunos olim Baxtiyor Isabek chorak asr davomida mustaqillik tantanalaridan chetda bo‘lgan. U bu safar 1-sentabr kuni Milliy bog‘da o‘tishi kutilayotgan saylga chiqmoqchi. Bu yilgi bayram haqiqiy xalq sayliga aylanishi, hukumat ulkan qozonda xalqqa osh berishni rejalagani haqida gaplar yuribdi, deydi u.

“Mustaqillik e’lon qilinganidan buyon o‘tgan bayramlarning birortasida qatnashish huquqiga ega emasdim. Nazarimda, bu yil shu narsa olib tashlandi. Ertaga Milliy bog`da katta sayl bo‘larmish, kattalar ham qatnasharmish, 7 tonna gurunch damlanarmish, osh aholiga tekin tarqatilarmish. Bu asosiy yangiligi, eng muhimi sayl ochiq, taklifnoma degan narsa yo‘q, hamma qatnasharmish. Men 26 yildan buyon bayramga qatnashishga muyassar bo‘lmaganman. Mustaqillik bayramining o‘zini xalqqa ochilishi yaxshi yangilik, chunki bu bayramni senga mumkin, senga mumkin emas, deyishning o‘zi juda noo‘rin edi”, - deydi Baxtiyor Isabek.

Toshkent

Toshkentdagi faollardan Abdulla Tojiboy o‘g‘li Karimov davrida mustaqillik tantanalariga uch oy avval tayyorgarlik boshlanishini eslar ekan, bu yilgi kamtarona tadbirlar ancha mablag‘ni tejashga xizmat qilganini qayd etadi.

“Mustaqillik, o‘zbek xalqining 70 yil davomida orzu qilgan kuni va juda qadrli bayram. Ammo Karimov davrida bir guruh amaldorlar uchun milliardlab mablag‘ sarflanib, bayram alohida tantana qilinardi. Bu yilgi tantanalar qanday o‘tadi, bilmadim, ammo yarim yil avval saylgohda boshlanadigan tayyorgarliklar, sahna qurish, dastgohlar keltirish, san’atkorlarning repititsiyalari va boshqa shu kabi ishlar bu yil kuzatilmadi. Shuningdek, amaldorlarni o‘zida ham xalqdan ajrab alohida bayram qilish kayfiyati, nazarimda hozircha sezilmayapti”, - deydi u.

Mustaqillik bayrami munosabati bilan ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama bo‘lgan mavzu bu Islom Karimovga qo‘yilgan haykalning ochilish marosimi, Karimovni xotirlash uchun kelgan davlat idoralari, jamoatchilik vakillarining yodgorlik qarshisidagi ommaviy ta’zimlari bo‘ldi.

Karimov haykalining bayram kuni rasman ochilishi, unda prezident Mirziyoyevning ishtirok etishi mustaqillik tantanalarini ham bevosita Karimov shaxsi bilan bog‘ladi. Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘yish mustaqillik tadbirlarining ajralmas qismiga aylanishi kutilayotgan siyosiy islohotlarga nisbatan xavotirlarni ham yuzaga chiqargan.

“Mirziyoyev saylov paytida ham Karimov nomini abadiylashtirishga va’da bergan edi, so‘nggi paytda Karimovning muzeyi, haykali ochildi, bu Mirziyoyevning o‘sha va’dalarini bajarilishi bo‘lsa kerak. Ammo uning qilayotgan ayrim ishlariga qarasangiz, har holda Karimov davridagi siyosatdan farq qiladi, lekin juda zaif. Mana yaqinda bir yil bo‘ladi yangi hokimiyatga, ehtimol bu hali katta muddat emasdir, lekin ayrim o‘zgarishlar qilish uchun yetarli muddat. Birgina misol vaqtinchalik propiska masalasi. Bu mamlakat konstitutsiyasiga mutlaqo zid amaliyot, ammo Mirziyoyev haliyam bu tajribadan voz kechishga jur’at topgani yo‘q”, - deydi Tojiboy o‘g‘li.

Toshkent

Baxtiyor Isabekka ko‘ra, Mirziyoyevning boshlang‘ich siyosati Karimov shaxsini ulug‘lash bilan bir qatorda Karimov davrida qatag'onga tushgan ayrim kishilarning afv etilishi bilan ham kuzatilmoqda.

“Hozir ko‘pchilik Karimov shaxsining ulug‘lanishi Mirziyoyevning kirish siyosati, keyinchalik vaziyat o‘zgaradi, degan qarashda. Bunga Karimov davrida urilgan odamlarning tiklanishi misol tariqasida keltiriladi. Shaxsan bu fikrlarga qo‘shilmayman, ammo bunday qarashlarda ham jon bor. Men ma’lum vaqtdan keyin o‘zgarishlar haqida gapirish mumkin bo‘lar, deb kutgan edim, vaqt o‘tdi, ammo o‘zgarishlar juda murakkab kechmoqda. To‘g‘ri, aytilmoqda, gapirilmoqda, ammo amaliyotda, haqiqiy hayotda bunday emas, tibbiyot, ta’lim yoki boshqa bir sohani olsangiz ham, hammasi avvalgidek, korrupsiya, poraxo‘rlik kuchli”, - deydi Isabek.

Chorak asr davomida O‘zbekiston mustaqilligi deyarli bir xil qolipda Alisher Navoiy nomidagi milliy bog‘da faqat tanlangan jamoatchilik vakillari uchun, xavfsizlik choralari o`ta kuchaytirilgan tartibda o‘tkazib kelingan. Bu an`ana ilk bor Islom Karimov vafoti, mamlakatda hokimiyat almashishi ortidan o`zgarayotgani kuzatilmoqda.