O`zbekistonda mustaqillikning 25 yilligi Islom Karimovsiz tantana qilindi, prezident nomidan e`lon qilingan tabrikda davlat mustaqilligining abadiy bo`lishi tilandi.
Ilk bor rasmiy tadbirlarsiz va Islom Karimov ishtirokisiz o`tayotgan mustaqillik tantanalari davomida xavfsizlik choralari ancha bo`shashgani kuzatildi. 27-avgustdan buyon shifoxonada qolayotgan Islom Karimov ahvoli yuzasidan hozircha rasmiy ma`lumot yo`q.
Mustaqillikning 25 yillik tantanalari har yilgidek 31-avgustdagi katta rasmiy bayram bilan emas, 1- sentyabda umumxalq sayli bilan boshlanmoqda. Bayram tadbirlari poytaxtning o`zida bir nechta joyda, tuman markazlarida o`tkazilgan. Bayram tantanalari respublika viloyatlarida ham xuddi shu tartibda o`tkazilgan, san`atkorlar bayram munosabati bilan aholiga konsert namoyish qilishmoqda, ko`ngilochar dasturlar tashkil qilingan.
Odatda, o`ta kuchli xavfsizlik choralari ostida o`tadigan mustaqillik tantanalari bu yil xavfsizlik choralari ancha bo`shashtirilgani, faollar ustidan kuzatuvlar bekor qilingani, ko`chalarda, tantana joylarida militsiyaning nisbatan kamligi bilan qayd qilindi.
Toshkentlik faol Baxtiyor Isabekka ko`ra, poytaxtda bayram tantanlari odatdagidek o`tmoqda, televideniyeda prezidentning avvalgi chiqishlari ham nomoyish etilayapti, jamoatchilikda ortiqcha bir zo`riqish sezilmaydi.
“Bayramga chiqib keldim, militsiya ko`pligi sezilmaydi, televideniyeda kattaning avvalgi chiqishlari ko`rsatilyapti. Farqli tomoni kecha faqat rasmiy tantanalar o`tkazilmadi. Albatta, biz avval ham bunday tadbirda ishtirok etmaganmiz, shuning uchun buning bir sezilarli tomoni ham yo`q”, - deydi u.
Toshkent shahar hokimligi bayram munosabati bilan aholi qulayligi uchun bir qator sharoitlar yaratilgani, jumladan, jamoat transporti qatnovi tezlashgani, harakat vaqti uzaytirilgani, tantanalar o`tayotgan joylar tez tibbiy xizmat, xavfsizlik choralari bilan ta'minlangani haqida ma`lumot tarqatgan.
Davlat televideniyesi mustaqillik tanatanasidan lavhalar namoyish etmoqda, mustaqillik munosabati bilan Islom Karimov nomiga kelayotgan tabriklarni o`qib eshittirmoqda. O`zbekistonda birinchi bor mustaqillik tantanalari prezident ishtirokisiz o`tmoqda. Davlat televideniyesi 31-avgust kuni prezident Islom Karimovning mustaqillik bayrami tabrigini o`qib eshittirish bilan cheklangan, xolos.
Vazirlar Mahkamasi 28-avgust kuni Islom Karimov shifoxonaga joylashtirilgani va tibbiy ko`rikka muhtojligi haqida axborot tarqatgan edi. O`shandan buyon hozircha boshqa qo`shimcha axborot taqdim etilmadi.
Davlat rahbarining aynan qanday kasallikka yo'liqqani haqida jamoatchilikni prezidentning qizi Lola Karimova ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali boxabar qildi. Lola Karimova dastlab otasi miyaga qon quyilishi tashxisi bilan jonlantirish bo`limiga yotqizilgani haqida yozgan edi, 31-avgust kuni Instagramdagi sahifasida o`zbekistonliklarni mustaqillik munosabati bilan tabriklagan Lola Karimova Islom Karimov shifo topayotgani haqida xabar qildi.
Islom Karimov salomatligida o`zgarishlar bo`layotgani haqida avvalroq toshkentlik jurnalist Yuriy Chernogayev ham o`z manbalariga tayanib “Amerika ovozi”ga ma`lumot bergan edi.
“Shifokorlarning aytishicha, masala uning (Karimovning) o`lishi yoki qolishi ustida turgani yo`q. U aniq yashaydi, ammo prezidentlik vakolatini bajarishga qanchalik qodir bo`ladi, bu hozircha savol ostida. Unga eng kami bilan 10 kun ichida javob berilishi mumkin yoki bu yanada ko`proq vaqt oladi. Uning yashab qolishi haqidagi mening fikrim, Karimovga tibbiy ko`mak ko`rsatayotgan mutaxassislar bilan bo`lgan bevosita suhbatga asoslangan. Albatta, ular bir fikr aytishdan yiroq, lekin ularning o`z patsientlari hayoti haqida gapirishdan qo`rqmayotgani va boshqa turli ishoralar o`zbek prezidentining hayoti xavf ostida emasligiga asos beradi. Faqat uning o`z faoliyatini davom ettirishga qodirligi savol ostida qolmoqda”.
78 yoshli Islom Karimovning salomatligi yuzasidan hozirgacha mavjud yagona rasmiy ma`lumot - Vazirlar Mahkamasi axborotidir. Unga ko`ra, prezident davolanish uchun shifoxonaga yotqizilgan va to'liq tibbiy ko'rikka muhtoj.