2016-yil O'zbekiston uchun tarixiy o'zgarishlar davri bo'ldi

O'zbekiston joriy yilda chorak asrlik rahbaridan ayrildi

2016 - yilda O’zbekistonda Islom Karimov davri yakunlandi. Zamon ustunlari hisoblangan arboblar abadiyatga kuzatildi. Karimovning o’limi tarixiy burilish yasadi.

Yakunlanayotgan yil O'zbekiston boshqaruv tizimi uchun ulkan sinov davri bo’ldi. Yangi rahbar Shavkat Mirziyoyevni jamoatchilik olqish va umidlar bilan kutib oldi.

Vafoti 2- sentabr kuni rasman tasdiqlangan Karimov O’zbekistonning chorak asrlik lideri, mustaqil mamlakatning birinchi prezidenti sifatida ardoqlanmoqda.

Sharhlovchi Kamoliddin Yo’ldosh nazarida O’zbekiston nafaqat Karimov shaxsi, balki muhim bir sinov davri bilan xayrlashmoqda.

“2016 -yil O’zbekiston mustaqillik tarixinngi birinchi bosqichi yakunlandi. 25 - yillik davrni belgilab kelgan uchta markaziy shaxs olamdan o’tdi. Siyosiy iqtidorda Islom Karimov vafot etdi. Bu davrning mafkuraviy yetakchisi bo’lgan, davlat madhiyasi muallifi shoir Abdulla Oripov ketdi. O’zbekistonda jamiyatning diniy, ma’naviy qadriyatlar tizimdagi asosiy shaxs sobiq muftiy Muhammadsodiq Muhammadyusuf vafot edi. Yani bir davlatni oyoqda tutib turgan uch ustuning hammasi quladi. Albatta, bu davrga xos yutuqlar ham, kamchiliklar ham bor, ammo asosiysi mamlakat tarixidagi bir bosqichning yakunlanishidir”.

Karimov hukmronligi uning o’limi bilan yakunlandi, ammo marhum yaratgan tizim ham, tamoyillar o’zgargani ham yo’q. Karimov vorisi sifatida hokimyatga kelgan Mirziyoyev har sohada uning siyosatini davom ettirishga va’da bergan. Mamlakatda Islom Karimov xotirasi abadiylashtirilmoqda, Samarqandda uning qabri xorijlik mehmonlar uchun ham, o’zbekistonliklar uchun ham ziyoratgohga aylangan.

Islom Karimov O’zbekistonning birinchi prezidenti sifatida mamlakat tarixida o’chmas iz qoldirgani, mustaqillikni mustahkamlagan siyosiy arbob sifatida qayd etiladi.

Hukumat qaydlarida Karimov davri tazyiqlar, qiynoqlar, qirg’in bilan kuzatilgani, mamlakat diktatura ostida yashagani, tuzum muxoliflari quvg’in qilingani eslanmaydi.

Kamoliddin Yo’ldosh deydiki, Karimov asos solgan tuzum joyida.

“Men Karimov diktaturasi uning shaxsiy diktaturasi degan qarashdan yiroqman, shunday bo’lganda uning o’limi bilan O’zbekistonda diktatura tugatilishi kerak edi. Bu davlat - ko’proq Milliy xavfsizlik xizmati tanlagan yo’l. Rossiya misolida ko’rsak, Yeltsin hokimiyatga kelib demokratik o’zgarishlar boshlagandan keyin mamlakatda cho’kish kuzatildi, sovet zehniyatidagi xalq erkinlikni boshboshdoqlik sifatida tushundi. Bizda ham xuddi shunday ahvol edi. O’zbekiston oldida mustaqilikni demokratik yo’lda yoki sobiq KGB tavsiyasiga ko’ra qattiq nazoratga olgan holda rivojlantirish tanlovi turgan edi. Karimov davlat rahbari sifatida o’z taxtini, siyosiy nazoratini saqlab qolishni tanladi va bu diktaturaga aylandi. Bu boshqaruvning eng jiddiy xatolarni eslatib o’tish joiz, Andijondagi qaliom, fuqarolik jamiyati, dindorlarga nisbatan boshlangan repressiyalar”.

2016- yilda O’zberistonda ko’plab arboblar hayotdan ko’z yumdi. Lekin jamoatchilikda islohotlar bo’lishiga umidlar kuchaygan.

Mirziyoyev o’z va’dalari, hokimiyatga kelishi ortidan qilgan ayrim o’zgarishlari bilan xalqni uyg’otayotgandek.

4-dekabr kuni o’tgan prezidentlik saylovlari ko’tarinki ruhda o’tdi. Raqobatsiz kurashda Mirziyoyev mutlaq g’oliblikni qo’lga kiritdi. U rasmiy partiyalardan surilgan, muqobillik vazifasini o’tab bergan nomzodlar ishtirokidagi g’alabasi uchun o’z xalqiga ta’zim qildi.

“Jamoatchilikdagi bu umidlar targ’ibotdan oziqlantirilganga o’xshaydi. Men umidlarga biror asos ko’rmayapman, aksincha Mirziyoyev Karimov davridagi mulozimlarni qaytarayotgani tahlikali ishora”, - deydi Kamoliddin Yo’ldosh.