Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YXHT) matbuot erkinligi bo’yicha vakili Garlem Desir ko’plab axborot saytlariga O’zbekistonda 10 yildan oshiq amal qilgan taqiq olinganini olqishladi.
O’zbekiston prezidenti administratsiyasi qoshidagi Axborot va ommaviy kommunikatsiya agentligi YXHT vakili bilan konstruktiv muloqotda bo’lishga tayyor ekanini bildirdi, deydi u.
“AsiaTerra", "Uzmetronom", “Fergana” agentligi, "Eurasia.net", "Centre 1", "Deutsche Welle", "Bi-Bi-Si", "Amerika Ovozi" kabi O’zbekistonda bloklangan axborot va media saytlari hamda matbuot erkinligi va inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Chegara bilmas muxbirlar”, “Xalqaro Amnistiya” va Human Rights Watch tashkilotlarining internetdagi sahifalariga kirish tiklanganini olqishlayman. Biz bu masalani oldin ko’p ko’targanmiz. “Ozodlik” radiosidan ham taqiq tez orada olib tashlanadi degan umiddaman. Bu borada rasmiylar bilan muloqotni davom ettiramiz. O’zbekiston hukumatini matbuot sohasi islohotini chuqurlashtirib, uni ochiq, erkin va xilma-xil qilishga chaqiramiz”, - dedi Garlem Desir.
O’zbekiston hukumatining uzoq yillardan beri bloklangan xorijiy saytlarga taqiqni bekor qilish qarorini Parijda asoslangan “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti ham olqishlarkan, haligacha bloklangan sahifalarga ham kirishni ochishga chaqirmoqda.
Saytlarning aksariyati 2005-yilda Andijon qirg’ini ketidan bloklangan edi.
“Bu ajoyib yangilik. O’zbekiston internet-senzura kuchayayotgan Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar siyosatidan farqli siyosat olib borayotgani quvonarli hol”, - deydi “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo’yicha vakili Joann Bir.
O’zbekiston tashkilotning “Jahonda matbuot erkinligi” haqidagi jadvalida joriy yilda besh pog’onaga ko’tarilgan, biroq 180 mamlakat ichida 160-o’rinda ketmoqda.
Axborot va ommaviy kommunikatsiya agentligi rahbari Komil Allamjonovning aytishicha, so’z erkinligi va jurnalistlar huquqlarini ta’minlash uchun hali ancha ishlar qilinishi kerak.