Matbuot erkinligi: Xalqaro hamjamiyat xavotirda, Mirziyoyev siyosatni tushuntirdi, Vashington olqishladi

  • Amerika Ovozi

Toshkent, 22-noyabr, 2019

Xalqaro hamjamiyat, xususan O'zbekistonda islohotlar avjida deya Prezident Shavkat Mirziyoyevni quvvatlab kelayotgan G'arb hukumatlari respublikada oxirgi paytda jurnalistlar va ommaviy axborot vositalariga nisbatan kuchaygan xavfni tanqid ostiga olmoqda.

Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo'jayevning jurnalistlarga tahdid qilgani haqida bir necha xil audio paydo bo'lgach, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining matbuot erkinligi bo'yicha vakili Arlem Dezir, Britaniya va AQShning Toshkentdagi elchilari Tim Torlot va Daniel Rozenblum xavotir bildirib, O'zbekistonda erkinlik va qonun ustuvorligini ta'minlash uchun harakat qilishga chaqirdi.

21-noyabr kuni Vashingtonda AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Elis Uells ham "Twitter" tarmog'i orqali o'z munosabatini bayon etar ekan, Toshkentda jurnalistlarga nisbatan tahdid Prezident Shavkat Mirziyoyev boshlagan islohotlar, xususan matbuot va so'z erkinligiga zid harakatdir, dedi.

"Biz hukumatni matbuotning jamiyatni mustahkamlashdagi rolini tan olishga chaqiramiz," - deya bildirdi Uells.

Xorazmda mahalliy muammolarni ko'tarib chiqqan bloger Nafosat Olloshukurovaning qamalishi va keyinroq ruhan xasta deya kasalxonaga yotqizilishi, shuningdek, jurnalist Davlatnazar Ro'zmetovning yo'l halokatida vafot etgani yuzasidan savollar bo'lishi hamda shu kunlarda Samarqand viloyatida korrupsiyani yoritib tanilgan Karimberdi To'ramurodning ayni damda huquq-tartibot xodimlari bosimi ostida ekani vaziyat tang ekanidan darak, deydi manzaradan ko'zini uzmayotgan siyosatdonlar.

Xalqaro tashkilotlar va xorijiy hukumatlar o'z xavotirini O'zbekiston rahbariyatiga diplomatlar orqali bildirib, Toshkentni har bir holat yuzasidan oydinlik kitirishga chaqirgan.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga ko'ra, Olloshukurova va Ro'zmetov ishlari yuzasidan hisobotlar berilgan. Olloshukurovaning advokati va unga qarayotgan shifokorlar blogerning ruhiy muolajaga muhtojligini tasdiqlagan. Ro'zmetovning o'limi esa baxtsiz hodisa; uning oilasiga beg'araz yordam ko'rsatilgan, deydi rasmiylar.

Agentlik Toshkent hokimining ovozi deya talqin qilingan ilk audio tarqalishi ketidan jurnalistlar va blogerlar davlat himoyasida ekanini eslatib, bu ish prokuratura tomonidan ko'rib chiqiladi, deya bayon qildi.

"Amerika Ovozi"ning aniqlashicha, prokuratura audio bilan tekshiruv xulosalarini yaqin orada ma'lum qiladi.

Hukumat matbuot erkinligi bilan bog'liq muammolarga umuman befarq emas va har bir holatni izchil o'rganib, xalqni ogoh qiladi, deydi mutasaddilar.

Prezident Mirziyoyev 22-noyabr kuni Toshkentda katta majlis o'tkazib, avvalo shu mavzuni muhokama qilgan.

Mirziyoyevga ko'ra, O'zbekiston matbuot erkinligi hurmat qilinadigan, hukumat va OAV o'zaro hurmat asosida ishlaydigan, mas'uliyat va javobgarlik hissi kuchli, qonun ustuvor davlat bo'lishga bel bog'lagan.

Quyida mana shu yig'indan keltirilgan gaplari:

"Barchangiz ko‘rib, bilib turibsiz - bugun jamiyat hayotining barcha jabhalarida ochiqlik va shaffoflik ta’minlanmoqda. Zamon tez rivojlanmoqda, xalqimizning dunyoqarashi o‘zgarmoqda. Bu borada, ayniqsa, ommaviy axborot vositalari katta rol o‘ynamoqda. Ular hayotiy muhim masalalarga e’tiborimizni qaratib, muammolarni hal etishda bizga ko‘maklashmoqdalar. Demokratik jamiyatning asosiy talablaridan biri ham shu.

Shuni esdan chiqarmaylik - matbuotni faoliyatimizni aks ettiruvchi ko‘zgu deb bilishimiz kerak. Afsuski, ko‘p yillar davomida biz ana shu ko‘zguga qarashni o‘zimizga ep ko‘rmadik. Oqibatda haqiqiy qiyofamizni ko‘rolmay qoldik. Xalqimizga ochiq-oydin ma’lum bo‘lib turgan aybu-nuqsonlarimizni tan olmasdan, “men hammadan zo‘rman” deb o‘zimizga bino qo‘yib, kekkayib yuraverdik. “Yuzing qiyshiq bo‘lsa, oynadan o‘pkalama” degan dono maqolni butkul unutib qo‘ydik.

Yillar davomida jamiyatimizda qanchadan-qancha illatlarning tomir otishi, muammolarning yig‘ilib qolishining asosiy sabablaridan biri ham shu bo‘lgani, ayni haqiqat. Men bu gaplarni nima uchun aytayotganimni hammangiz yaxshi tushunib turibsiz. Bugun barcha bo‘g‘indagi rahbarlarning jamoatchilik bilan, ayniqsa ommaviy axborot vositalari bilan muomala madaniyati har qachongidan ham muhim masalaga aylandi.

Ayrim hollarda rahbarlar tomonidan tanqidni qabul qila bilmaslik, nima qilib bo‘lsa-da uni tan olmaslikka bo‘layotgan urinishlarda ham ko‘zga tashlanmoqda. Afsuski, ba’zi rahbarlar xalq bilan, matbuotchilar bilan muloqotda oddiy muomala madaniyatini, ma’naviyatni unutib qo‘yishmoqda. Ular tomonidan qilingan murojaatlarga o‘z vaqtida, xolis javob berilmasligi ham haqli e’tirozlarga sabab bo‘layapti.

O‘zingiz guvoh bo‘lib turibsiz, deyarli har kuni ijtimoiy tarmoqlarda qaysidir rahbarning faoliyati bilan bog‘liq shov-shuvli xabar tarqalayapti. Ularda berilayotgan tanqidiy materiallarga o‘z vaqtida xolis, asosli munosabat bildirilmayotgani oqibatida odamlar orasida har xil fikrlar, bahs-munozaralar yuzaga kelmoqda. Eng achinarlisi, ba’zi rahbarlar jamoatchilik o‘rtasida turli ziddiyatlarga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan bunday holatlarning oldini olish o‘rniga, kibru havoga berilish, o‘ziga bino qo‘yish bilan masalani yanada chigallashtirmoqda.

Tushunaman, har kimning o‘ziga yarasha g‘ururi, izzat-nafsi bor. Lekin rahbar shunisi bilan rahbarki, u nafaqat o‘zining sha’nini, balki davlat idorasining obro‘sini ham saqlashga mas’ul ekanini unutmasligi kerak. U har qanday to‘siq va qiyinchiliklarga, keskin va dolzarb muammolarga duch kelmasin, vaziyatdan og‘ir-bosiqlik va vazminlik bilan chiqib, faqat qonunga asoslangan to‘g‘ri qaror qabul qilishi shart.

Shu bilan birga, har qaysi rahbar o‘z mas’uliyati va javobgarligini, avvalo o‘z vijdoni oldida, unga ishonch bildirgan el yurt oldida chuqur anglasa, faoliyatida qat’iyatlik bilan, vazminlik talabchanlik bilan aql-zakovatni uyg‘unlashtira olsa, xalqning chinakam mehrini va ishonchini qozona oladi. U xoh hukumat a’zosi bo‘ladimi, vazir bo‘ladimi, xoh hokim bo‘ladimi yoki prokurormi, ushbu talab – barchamizga, ommaviy axborot vositalari xodimlariga ham birdek tegishli.

Buni unutishga hech birimizning haqqimiz yo‘q".

Mirziyoyevning bayonoti ijtimoiy tarmoqlarda olqishlanar ekan, O'zbekistondagi vaziyatni o'rganib kelayotgan ekspertlar, xususan amerikalik olima Jennifer Murtazashvili o'z tvitida respublika rahbari jurnalistlar bilan yuzma-yuz muloqot qilib, o'z ma'muriyatiga namuna bo'lishi kerak, deydi.

Ko'plab o'zbekistonliklar nazarida ham o'zgarish so'zda emas, real hayotda o'z aksini topishi kerak.

Prezident nima uchun huquq va erkinlikka tahdid solgan, xususan jurnalistlarni qo'rqitishga urinayotgan hokimlarni ishdan olmaydi? Nega bu borada aniqroq gapirmaydi, degan savollar hukmron.


Mirziyoyevning yuqoridagi gaplarini AQSh Davlat departamentini darhol olqishlab chiqdi. Davlat kotibi muovini Elis Uellsning tvit qilishicha, O'zbekiston prezidenti jurnalist va blogerlarga nisbatan tahdidni qoralab chiqqani tahsinga sazovor va bu Mirziyoyev matbuot erkinligini himoya qilayotganini anglatadi. Oshkoralik va demokratiyani ta'minlashda OAV xodimlarining roli beqiyos, deya eslatadi Uells, chunki ularsiz bu jarayonlar kuchaymaydi.